Yuqumli kasalliklarning yurtimizga kirib kelish xavfi bormi?
Jahon hayvonlar sogʻligi tashkiloti (JHST)ning maʼlumotiga koʻra, keyingi bir yarim yil ichida dunyoning oʻnlab davlatlarida kuydirgi, mayda shoxli mollar oʻlati, nodulyar dermatit, qutirish, oqsil, choʻchqalar oʻlati, qoʻylar chechagi, patogenli parranda grippi va boshqa oʻta xavfli kasalliklar aniqlangan. Respublikamiz bilan chorvachilik yoʻnalishida savdo aloqalari oʻrnatgan Afgʻoniston, Xitoy, Ozarbayjon, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Vengriya, Slovakiya, Moʻgʻuliston singari mamlakatlarda ham epizootik holat barqaror emas.
Ana shunday bir paytda Rossiya va yon qoʻshnimiz Qozogʻistonning ayrim joylarida chorva mollari kasalliklar oqibatida nobud boʻlayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda, ofatga qarshi keskin choralar koʻrilyapti ham.
Xoʻsh, bundan yurtimiz aholisining tashvishga tushishiga asos bormi? Bu yaqin va olis davlatlarda kuzatilayotgan kasalliklari yurtimizga kirib kelish xavfi bormi?
Shu kabi savollar bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi masʼullariga murojaat qildik.

—Xavotirga oʻrin yoʻq, respublikamiz boʻyicha hayvonlarda uchraydigan turli xavfli kasalliklarga qarshi emlash ishlariga 5 ming nafardan ortiq mutaxassislar jalb etilgan, — deydi qoʻmitaning Hayvonlar salomatligini himoya qilish boshqarmasi boshligʻi Jahongir Tursagatov. — Emlamalar zaxirasi va kerakli asbob-uskunalar yetarli. Veterinar vrachlar oʻzlari xizmat koʻrsatayotgan mahalla va ovuldagi har bir xonadonda boʻlib, chorva mollari va uy hayvonlarini yana bir karra koʻzdan kechirib chiqmoqda. Molbozorlar, kushxonalar va yirik chorvachilik fermalari, yaylovlardagi holatlar ham vetvrachlar nazorati ostida. Profilaktik emlash tadbirlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida respublikamiz boʻyicha jami 1 200 ta ishchi guruh (otryad) tashkil etilgan va ular mahalla faollari, oqsoqollar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borishmoqda.
Issiq jonning isitmasi boʻlishi tayin, ayniqsa, koʻklam mahali. Mutaxassislarimiz ana shu jihatlarni eʼtibordan qochirmasdan kasallikning oldini olish va tezkor davolash payidan boʻlishmoqda.
Chegara hududlaridagi holat ham qatʼiy nazoratimizda. Hukumatimiz topshirigʻiga koʻra, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Afgʻoniston bilan jami 6 221 km uzunlikdagi veterinariya-sanitariya himoya zonalari tashkil etilgan. Bu, oʻz navbatida, 82 ta tumandagi 8 mln. boshdan ortiq chorva mollari va 14 mln. boshga yaqin parrandalar doimiy veterinariya nazoratidan oʻtkazilmoqda, deganidir. Davlat bojxona xizmati xodimlari bilan baqamti ishlayotgan vetvrachlarimiz shu yilning oʻzidayoq chegara oʻtkazish punktlari orqali respublikamizga kirib kelgan 250 mingdan ortiq avtotransport vositalarini dizenfeksiya qilishdi. Bu jarayon ayni chogʻda ham uzluksiz davom etmoqda. Maqsad koʻzga koʻrinmas xavfni yurtimizga yaqin yoʻlatmaslikdir.

Yana raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, joriy yilning yanvar-mart oylarida chorva mollarining 1,8 mln. boshi kuydirgiga, 700 ming boshi oqsilga, 100 ming boshdan ortigʻi nodulyar dermatitga qarshi emlab chiqildi. 132 ming bosh it va mushuklarda qutirish kasalligiga qarshi profilaktik emlash hamda chorva mollari saqlanadigan binolarda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlari amalga oshirildi. Muhimi, birorta hayvon nazoratdan chetda qolmasligi uchun barcha choralar koʻrilmoqda hamda bu saʼy-harakatlar aholi va chorvadorlar ixtiyoridagi jonivorlarning kasallik tashuvchiga aylanib qolmasdan sogʻlom boʻlishi, koʻpayishi va nasli yanada yaxshilanishiga turtki bermoqda.
Bugun oʻz kasbini puxta egallagan vetvrachlar koʻp, ularning beminnat xizmatidan aholi mamnun. Ammo baʼzan noʻnoq va dangasa, malakasi yetarli boʻlmagan veterinariya mutaxassislari ham uchrab turadi. Ularning aybi bilan odamlar moli qanday xastalikka chalinganini bilmay ortiqcha ehtirosga beriladi. Oqibat internetda turli shov-shuvli chiqishlar paydo boʻlmoqda. Biz bunday murojaatlarni ham tezkorlik bilan oʻrgangan holda muammoni bartaraf etishga intilyapmiz.
Bundan tashqari, tizimda malaka oshirish ham yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan yil ming nafarga yaqin vetvrach qoʻmita huzuridagi veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish institutida bilim va koʻnikmalarini oshirdi. Joriy yilda bu raqam qariyb ikki karra oshadi. Bu ham davr talabidir. Qolaversa, hayvonlarda uchraydigan kasalliklarni davolashning yangi usullari yaratilmoqda, dori-darmonlar, zamonaviy tashxislash borasida ham oʻzgarishlar beqiyos. Ularni bilmagan vetvrach, albatta, muammoga duch keladi, ish jarayonida qiynaladi. Shu bois malaka oshirish, oʻqish-oʻrganish juda kerak.

Yurtimizda epizootik barqarorlikni yanada ishonchli taʼminlash maqsadida yuzdan ortiq soha olimlari, professor-oʻqituvchilar amaliy yordam koʻrsatish uchun hududlarga biriktirildi. Ular ayni chogʻda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining yuqori bosqichida saboq olayotgan toʻqqiz yuz nafardan ortiq shogirdlari bilan oʻquv-amaliyot rejasiga koʻra epizootik tadbirlarda faol ishtirok etishmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, mutaxassislarimiz yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, epizootik osoyishtalikni taʼminlash uchun tunu kun astoydil mehnat qilishmoqda. Vahima qilish va ortiqcha xavotirlanishga oʻrin yoʻq.
Abdunabi ALIQULOV yozib oldi
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring