Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi

22:31 15 Aprel 2026 Madaniyat
278 0

Oʻzbekiston diplomatlari Polshaning Milliy xotira instituti rahbariyati bilan koʻrishdi.

Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda ikkinchi jahon urushi tarixi, arxiv ishi va muzeylar faoliyati yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Milliy xotira instituti vitse-prezidenti, professor Karol Poleyevskiy, Arxiv direktori Marjena Kruk, Tarixiy tadqiqotlar byurosi rahbari Sebastyan Pilarskiy, Xalqaro hamkorlik departamenti boshligʻi Katajina Drinska va institut prezidenti devoni rahbari Marek Yednyak mavzu yuzasidan soʻz yuritdi.

Muzokaralarda ishtirokchilar ikkinchi jahon urushidagi jinoyatlarni oʻrganish, arxiv maʼlumotlarini qidirib topish, ilmiy-tadqiqot va taʼlim ishlari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar soʻnggi yillarda ikki mamlakatning tegishli muassasalari oʻrtasida keng koʻlamli hamkorlik shakllanayotganini taʼkidladi. Xususan, 2021-yilda Gdanskdagi Ikkinchi jahon urushi muzeyi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va “Oʻzarxiv” agentligi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilgani, 2022-yilda esa Milliy xotira instituti va Oʻzbekiston Milliy arxivi oʻrtasida memorandum imzolangani yodga olindi.

Tarixiy aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 1942-yilda Oʻzbekiston hududida general Vladislav Anders armiyasi tashkil etilgani, uning shtab-kvartirasi Yangiyoʻl shahrida joylashtirilgani, shuningdek, 115 mingdan ortiq Polsha fuqarolari Oʻzbekiston va Turkmaniston orqali Eronga evakuatsiya qilingani qayd etildi. Shuningdek, ikki xalq tarixi bilan bogʻliq qabrlar va yodgorliklarni asrab-avaylash va oʻrganish masalalari muhokama qilindi.

Polsha tomoni Oʻzbekistonning tegishli muassasalari, jumladan, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Jadidlar merosi muzeyi va Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida professor Karol Poleyevskiy Oʻzbekistonga tashrif buyurishga tayyorligi hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?