WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Yevropada AQSH alyansdan chiqqan taqdirda, Yevropa Ittifoqi NATOning mavjud harbiy tuzilmalaridan foydalangan holda oʻzini himoya qila olishiga qaratilgan kafolatlar va zaxira rejasi muhokama qilina boshlandi. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) xabar bermoqda.
Nashr suhbatdoshlarining taʼkidlashicha, rejalar rasmiy boʻlmagan holda, koridorlardagi munozaralar va ishchi kechki ovqatlar davomida ilgari surilmoqda. Ular amaldagi alyansga raqobat tugʻdirishga qaratilmagan.
Muhokamalar Germaniyaning pozitsiyasi oʻzgarganidan keyin boshlandi. Avvalroq Berlin Fransiya tomonidan ilgari surilgan Yevropaning mudofaa mustaqilligini oshirish gʻoyasiga qarshilik koʻrsatib, AQSHni xavfsizlikning asosiy kafolatchisi sifatida saqlab qolishni afzal koʻrgan edi. Biroq kansler Fridrix Mers davrida Germaniyada Vashingtonning ittifoqchi sifatidagi ishonchliligiga shubha paydo boʻldi.
Taʼkidlanishicha, Mers AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainani qoʻllab-quvvatlashdan voz kechishga tayyor degan xulosaga kelib, oʻz pozitsiyasini qayta koʻrib chiqa boshlagan.
Yevropa Ittifoqining zaxira rejalari ustida ishlayotgan amaldorlar loyihani “Yevropa NATOsi” deb atashmoqda. Ular alyansning qoʻmondonlik-shtab lavozimlariga koʻproq yevropaliklarni jalb qilish va AQSHning harbiy aktivlarini oʻzlariniki bilan toʻldirishga intilishmoqda.
Amaliy savollar shundan iboratki, agar Amerika harbiylari chetga chiqadigan boʻlsa, NATOning HHM va RHM (raketaga qarshi mudofaa) tizimlarini, Polsha va Boltiqboʻyi mamlakatlariga kuchlarni yoʻnaltirish yoʻlaklarini, logistika va yirik mintaqaviy oʻquv mashgʻulotlarini kim boshqaradi? Bundan tashqari, mulozimlar AQSH qoʻshinlarini Yevropadan olib chiqib ketgan taqdirda ham, “yadroviy qalqon”ning ishonchliligini saqlab qolishga harakat qilmoqdalar.
WSJ nashrining yozishicha, ushbu rejalarni amalga oshirish qiyin boʻladi. NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari oliy bosh qoʻmondoni lavozimini anʼanaviy ravishda AQSH vakili egallaydi va Vashington bundan voz kechish niyatida emas.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring