Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida

21:41 15 Aprel 2026 Siyosat
325 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Butun umrini sanʼatga baxshida etib kelayotgan, oʻzbek milliy estradasini dunyoga tarannum qilib, yurtimizning madaniyati va sanʼati nufuzini yuksaltirishga beqiyos hissa qoʻshayotgan, serqirra faoliyati xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik boʻlib xizmat qilayotgan ustoz sanʼatkor – Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish va yosh avlodga munosib yetkazish maqsadida qaror qilaman:

1. Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga (keyingi oʻrinlarda – Maktab) Farrux Zokirov nomi berilsin.

2. Farrux Zokirov nomidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquv-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirib borish va yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha badiiy-pedagogik kengash tashkil etilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Quyidagilar:

(a) Maktabda:

(i) “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etilsin;

(ii) Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yoʻnalishi boʻyicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etilsin;

(iii) Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida ragʻbatlantirib borilsin;

(b) Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:

(i) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va sanʼat maktabining iqtidorli oʻquvchilaridan iborat guruh shakllantirilib borilsin hamda taʼtil davrida yozgi toʻgarakka jalb etilib, estrada xonandaligi boʻyicha maxsus bepul kurslarda oʻqitilsin;

(ii) 2026/2027 oʻquv yiliga qadar zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilsin hamda u sahna jihoz va liboslari bilan taʼminlansin;

(iii) Maktab va yozgi toʻgarakka jalb qilingan oʻquvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib borilsin;

(v) Yoshlar ijodiy laboratoriyasini tashkil etish, uni jihozlash va hududlardan oʻquvchilarni yozgi toʻgarakka jalb etish, shu jumladan, ularning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari toʻliq Davlat byudjetidan qoplansin;

(g) har yili Maktab va yozgi toʻgarakning iqtidorli 5 nafar oʻquvchilari hamda ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarining nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjetidan qoplansin. Bunda ushbu tanlovlar roʻyxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

(d) 2026–2027-yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda gʻolib va sovrindor boʻlgan Maktab va yozgi toʻgarak oʻquvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan oʻqituvchi (konsertmeyster) quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilsin:

(I) “Gran-pri” va 1-oʻrin sohibi 30 million soʻm, oʻqituvchi (konsertmeyster) 20 million soʻm miqdorida;

(ii) 2-oʻrin sohibi 20 million soʻm, oʻqituvchi (konsertmeyster) 10 million soʻm miqdorida;

(iii) 3-oʻrin sohibi 10 million soʻm, oʻqituvchi (konsertmeyster) 5 million soʻm miqdorida;

(j) ushbu bandda nazarda tutilgan xalqaro nufuzli tanlovlarning gʻolib va sovrindorlari hamda ularning oʻqituvchi (konsertmeyster)larini ragʻbatlantirish tartibi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlansin, shuningdek, 2027-yil yakunida mazkur amaliyotni respublika boʻyicha keng joriy etish yuzasidan taklif kiritilsin;

(z) umumxalq bayram dasturlari va yuqori darajadagi anjumanlarning badiiy qismida Maktab va yozgi toʻgarakning iqtidorli oʻquvchilari hamda ijodiy jamoalarining ishtirok etishiga shart-sharoitlar yaratilib, qoʻllab-quvvatlansin;

(i) Maktabda aʼlo baholarga oʻqiyotgan oʻquvchilarning 10 nafarini Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlariga imtihonlarsiz qoʻshimcha kvota asosida qabul qilish tartibi joriy etilsin.

4. Madaniyat vazirligi:

(a) Maktabda “ustoz-shogird” ijrochilik mahorat maktablarini tashkil etishda milliy estradamizning yorqin namoyandalarini jalb etsin hamda ularning samarali faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin;

(b) Maktabni zarur musiqa cholgʻu asboblari, zamonaviy jihoz va texnikalar, shuningdek, musiqa darsliklari va notalar toʻplamlari bilan taʼminlasin;

(v) Farrux Zokirov ijro dasturi toʻliq notalashtirilishi va ularning toʻplamlari chop etilishi hamda respublika miqyosida taʼlim jarayonlariga keng tatbiq etilishini taʼminlasin;

(g) Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Maktab binosini kapital taʼmirlash va hududini obodonlashtirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin hamda 2026-yil yakuniga qadar qurilish-taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazsin.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorda belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Madaniyat vazirligiga 2026-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 10 milliard soʻm ajratsin, 2027-yildan boshlab zarur mablagʻlarni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.

7. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?