Vaʼda qilingan yoʻl qachon quriladi?
Shahrisabz tumanining Shanbe mahallasi tuman markazidan qariyb 15 chaqirim uzoqlikda, Hisor togʻ tizmalariga yondosh hududda joylashgan. Ayni paytda mahalladagi 1027 ta xonadonda 4 mingdan oshiq aholi istiqomat qiladi. Azaldan shanbeliklar chorva bilan shugʻullanib kelgan. Chunki qishloq atrofidagi yaydoq dalalar, togʻ yonbagʻirlari bu faoliyat uchun qulay boʻlgan. Biroq keyingi 15-20-yil ichida hudud ancha gavjumlashib, yaylov yerlar kamayib ketdi. Shunga qaramay, hamon mahalla ahlining tirikchiligi chorvadan.
– Soʻnggi yillarda mahalladoshlarimiz issiqxona sharoitida bodring yetishtirishni ham yaxshi oʻzlashtirishdi, – deydi “Shanbe” MFY raisi Farhod Safarov. – Hozir mahalladagi qariyb 20 foiz xonadon shu faoliyat bilan shugʻullanib, daromad topmoqda.

Ha, mahalla odamlari mehnatkash. Kimdir mol, qoʻy yoki parranda boqib, yana kimdir esa tomorqasida poliz va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish orqali qoʻshimcha daromad olishga, farovon turmush kechirishga harakat qilyapti. Savdo-sotiq, hunarmandchilik, kirakashlik, ustachilik yoki shu kabi kichik faoliyat turlari bilan shugʻullanib, daromad topayotgan, yaxshi yashayotgan xonadonlar koʻp. Ammo mahalla ahlini qiynayotgan, ularning haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan muammolar ham yoʻq emas.
Masalan, yoʻl muammosi. Bugungi kunda mahalladagi 8 ta koʻchada jami 15 kilometrga yaqin ichki yoʻllar mavjud. Ushbu yoʻllarning faqat 600 metr qismigina bir necha yil avval asfalt qilingan va ayni paytda soz holatda. Qolgan 14 kilometrdan ortiq ichki yoʻllar esa nihoyatda taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. Qishda loy, yozda tuproq koʻpchiydigan oʻta taʼmirtalab yoʻllardan nafaqat avtomobillar, balki piyodalar ham yurishga qiynaladi.

– Toʻgʻri, ayrim yoʻllarimiz bundan 50-60-yil avval asfalt boʻlgan, – deydi mahalla faollari. – Lekin hozir u yoʻllarda asfaltning urvogʻi ham yoʻq, oʻrnida katta-katta chuqurlar hosil boʻlgan. Qolgan yoʻllarimiz esa tosh-shagʻal yoʻllar hisoblanadi. Shagʻal yoʻlni bu yil sozlaganingiz bilan, bir yil oʻtib-oʻtmay yana avvalgi holiga kelib qoladi.
Mahalla ahlining eʼtiroziga sabab boʻlayotgan asosiy jihat, Shanbe mahallasi Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi PF-143-sonli farmoni asosida joriy etilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga kiritilib, shu asosda hududdagi 3 kilometrga yaqin ichki yoʻllarga asfalt yotqizilishi belgilangan edi. Ammo oradan bir yildan oshiq vaqt oʻtdi hamki, bu ish amalga oshmadi.

– Mahallamizda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi asosida bir qator ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi, – deydi Shahrisabz tumani hokimining shu mahalladagi yordamchisi Gʻaybulla Hamidov. – Shundan oʻtgan yil davomida aholining ekinlarni sugʻorish uchun suvga boʻlgan talabini yaxshilash maqsadida 2 ta artezan quduq qazib berildi. 180 ga yaqin simyogʻochlar, 6 kilometrga yaqin havo kabellari yangilanib, elektr taʼminoti sezilarli yaxshilandi. Toʻgʻri, dasturda 2,7 kilometr ichki yoʻllarni asfaltlash ham koʻzda tutilgandi. Aholimiz aynan shu ishga xayrixoh edi. Lekin hozir bu loyiha amalga oshmay turibdi. Chunki yoʻl uchun pul ajratilmadi.
Albatta, hukumat miqyosidagi har bir dastur qancha-qancha oʻrganishlardan soʻng imkoniyatlar tahlil qilingan holda qabul qilinishi maʼlum. Biroq dastur qabul qilingani bilan quyi boʻgʻinlarda uning ijrosi toʻliq taʼminlanmasa bunday dasturlardan nima naf?! Shanbeliklarni qiynayotgan savol ham shu.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring