Germaniyadagi Harbiy texnika muzeyi 26 davlat, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari uchun kirishni taqiqladi
Germaniyaning Koblens shahridagi Harbiy texnika muzeyi 26 davlat, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolarining kirishini taqiqladi. Bu haqda muzey saytida maʼlum qilingan.
“Harbiy xavfsizlik talablari munosabati bilan, ayni damda kolleksiyani koʻrish imkoniyati “Ishonchlilikni tekshirish toʻgʻrisidagi qonun”ning 13-moddasi 17-bandida belgilangan roʻyxatga kiritilgan davlatlar fuqarolari uchun taqiqlanadi”, — deyiladi xabar matnida.
Qaysi davlatlar fuqarolariga kirish taqiqlandi: Afgʻoniston, Jazoir, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Gruziya, Iroq, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Shimoliy Koreya, Kuba, Laos, Livan, Liviya, Moldova, Pokiston, Rossiya, Sudan, Suriya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Oʻzbekiston va Vyetnam.
Harbiy texnika kolleksiyasi 1961–1962-yillarda bundesverning Meppen/Emslanddagi 91-sonli sinov poligonida tashkil etilgan. 1982-yildan buyon u Koblens shahrida joylashgan. Shuningdek, bu yerda muzey boʻysunadigan Bundesverning asbob-uskunalar, axborot texnologiyalari va texnik yordam boʻyicha federal boshqarmasi shtab-kvartirasi ham oʻrin olgan. Bu Yevropaning bunday turdagi eng yirik kolleksiyalaridan biri hisoblanadi.
Muzey eksponatlari orasida Birinchi jahon urushi oxirida ishlab chiqilgan Fransiyaning Renault FT 17 tanki, Germaniyaning asosiy jangovar tanki Leopard 1 ning kesilgan (ichki tuzilishi koʻrinadigan) modeli, Germaniya va NATO Qurolli kuchlarining prototiplari hamda seriya oldi modellari, jumladan, Marder 2piyodalar jangovar mashinasi va Kampfpanzer 70, shuningdek, gʻildirakli texnikalar mavjud.
Kolleksiyadan oʻqotar qurollar va pulemyotlar, artilleriya texnikasi, oʻq-dorilar, raketa texnikasi, tankka qarshi qurollar, gʻildirakli va zanjirli texnikalar hamda boshqa eksponatlar joy olgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring