Toshkentda madaniyat sohasidagi islohotlar va “Arda” filmi taqdimoti muhokama qilindi (+fotoreportaj)

19:01 13 Aprel 2026 Madaniyat
500 0

Bugun, 13-aprel kuni Toshkent shahrida soʻnggi yillarda madaniyat sohasida amalga oshirilgan islohotlar hamda “Arda” hujjatli filmining taqdimoti yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri oʻrinbosari Murodjon Majidov, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchisi Abdurauf Nabiyev, Yigʻma axborot-tahlil boshqarmasi boshligʻi Dilmurat Atageldiyev, Tarix fanlari doktori Ozodbek Rajabov hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri oʻrinbosari Murodjon Majidov kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz nutqida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida madaniyat va sanʼat sohasining oʻrni tobora ortib borayotganini alohida taʼkidlab, soʻnggi yillarda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar nafaqat infratuzilmani rivojlantirish, balki milliy madaniyatni asrab-avaylash, uni xalqaro miqyosda targʻib etish va yosh avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini bildirdi.

Maʼlumot berilishicha, soʻnggi 9-yilda madaniyat va sanʼat sohasiga oid Oʻzbekiston Respublikasining 4 ta Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 35 ta Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 98 ta qarori va farmoyishlari qabul qilingan. Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro sanʼatini yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunlari qabul qilingan. Soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida 15-aprel – Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni etib belgilangan.

Shuningdek, oʻtgan yillarda yangi 2 ta zamonaviy teatr, 19 ta madaniyat markazi, 20 ta musiqa va sanʼat maktabi, 8 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatlari hamda 5 ta oliygoh tashkil etilgan boʻlib, milliy anʼana va qadriyatlarimizni yosh avlodga bus-butun yetkazish maqsadida Oʻzbek milliy maqom sanʼati va Respublika Baxshichilik sanʼati markazlari, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etilgan. Aholiga sifatli madaniy xizmat koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli, Andijonda yoshlar simfonik orkestri va Fargʻonada milliy simfonik orkestrlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot, isteʼdodli yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti, mahalliy hamda xorijiy ijodkor va ziyolilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Kelajak merosi” xalqaro mukofotlari taʼsis etildi.

Respublikamiz boʻylab teatr yoʻnalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan boʻlib, 2017-yilga qadar teatrlar soni 37 ta boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 41 taga yetgan. 2015-2016-yillarda 3 ta teatr rekonstruksiya qilingan boʻlsa, 2016-2025-yillarda 11 ta teatr mukammal taʼmirlanib, qayta jihozlangan. Davlat teatrlari tomonidan 2017-yilda mahalliy gastrollar 15 ta, xorijiy gastrollar 7 tani tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda 92 ta xorijiy va 362 ta mahalliy gastrol safarlari amalga oshirilgan.

Bugungi kunda Madaniyat vazirligi tasarrufida 839 ta madaniyat markazi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ulardagi toʻgaraklar soni 2017-yilda 1 258 tani tashkil etgan, 2026-yilga kelib 3 258 taga yetkazilgan. Madaniyat markazlarida 2017-yilgacha namunaviy xalq jamoalari soni 375 tani tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilga kelib mazkur jamoalar soni 610 taga yetgan. 2016-2025-yillar davomida 8 ta nomoddiy madaniy meros obyekti UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

Taʼlim yoʻnalishi boʻyicha esa, 2017-yilgacha vazirlik tasarrufida 333 ta taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunga kelib Madaniyat vazirligi tasarrufida ushbu koʻrsatkich 367 tani tashkil etmoqda. Hududlarda bolalar musiqa va sanʼat maktablari soni 21 taga koʻpayib, 305 tadan 326 taga yetgan. 2017-yilda madaniyat va sanʼat yoʻnalishida tahsil olayotgan oʻquvchi-talabalar qamrovi 80,7 ming nafarni tashkil etgan boʻlsa 2025-2026 oʻquv yilida 110 ming 245 nafarni tashkil qilgan.

Shuningdek, Madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat faoliyat olib borayotgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilib, 2025-yilning oʻzida madaniyat muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari 1-yanvardan – 20 foizga, 1-iyuldan – yana 15 foizga hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari direktorlari, direktor oʻrinbosarlari, oʻqituvchi va konsertmeysterlarining ish haqi miqdorlari 10 foizga oshirilgan. Madaniyat va sanʼat sohasiga Davlat byudjetidan 2017-yilda 122,8 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, 2026-yilda 1,2 trln soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. Ushbu mablagʻlar hisobiga madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnik vosita va asbob-uskunalar bilan jihozlash, ijodiy jamoalar uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga qadar madaniyat va sanʼat muassasalarida umumiy qiymati 331,5 mlrd soʻmlik 72 ta davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan. Agar ushbu yoʻnalishdagi ishlar dinamikasiga nazar tashlansa, 2020-yilda 53,4 mlrd soʻmlik 10 ta loyiha amalga oshirilgan boʻlsa, 2025-yilga kelib 92,1 mlrd soʻmlik 21 ta davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangani mazkur mexanizmning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizning madaniyat va sanʼat sohasidagi xorijiy davlatlar bilan hamkorligi soʻnggi 5-yil davomida yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, Oʻzbekistonning 29 ta xorijiy davlatda madaniyat kunlari, shuningdek, 12 ga yaqin xorijiy davlatning Oʻzbekistonda madaniyat kunlari oʻtkazilgan. 2025-yilning oʻzida 10 ta davlatda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”, Oʻzbekistonda esa 4 ta davlat madaniyat kunlari tashkil etilgan. Taʼkidlash joizki, oʻzbek sanʼatini dunyo boʻylab targʻib etish maqsadida Koreya Respublikasi, Qatar, Qozogʻiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Ozarbayjon, Turkiya kabi davlatlarda yurtimizni targʻib etuvchi shaxslarga “Oʻzbekiston madaniyati elchisi” maqomi berildi.

2017-2025-yillar davomida vazirlik tasarrufidagi 51 ta konsert-tomosha muassasasi tomonidan 61 ming 892 ta ommaviy konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, ularga 64 mln 800 nafar aholi qamrab olingan. Ijodiy jamoalar tomonidan 534 ta mahalliy va 154 ta xorijiy gastrol safarlari tashkil etilgan. 2024-yildan boshlab 14 ta hududning belgilangan 17 ta manzilida “Koʻcha sanʼati va musiqasi”, taniqli mahalliy va xalqaro ijodkorlar ishtirokida 10 ta hududdagi 60 dan ortiq tarixiy, madaniy va turistik obyektlarda “Yulduz bilan sayohat” loyihasi oʻtkazilib, 50 ming nafar aholi jalb etildi.

Madaniyat vazirligi tizimida Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati qayta tashkil qilindi. Nomoddiy madaniy merosning mahalliy roʻyxatlaridagi namunalar soni 897 taga, milliy roʻyxatga kiritilgan obyektlar soni 78 taga yetkazildi. Jumladan, Shashmaqom, Nurota kashtachiligi, Qorabayir otlarini parvarish qilish anʼanalari, askiya – soʻzamollik sanʼati, qoʻbiz yasash va ijrochilik sanʼati kabi xalqimizning noyob va oʻziga xos nomoddiy madaniy meros namunalari milliy roʻyxatdan oʻrin oldi.

Madaniyat va sanʼat sohasida isteʼdodli yoshlarni aniqlash borasida 2017-yilga qadar 10 ta tanlov tashkil etilgan boʻlsa, 2025-yilga kelib tanlovlar soni deyarli 2 barobar oshdi va ularning soni 22 tani tashkil etdi. Ushbu tanlov va festivallarga 1600 ga yaqin ijodkor yoshlarning ishtiroki taʼminlandi. Shulardan 456 nafari gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy olgan. Mazkur tanlovlarda ishtirok etgan yoshlar safidan madaniyat yoʻnalishi boʻyicha 2025-yilda 1 nafari “Shuhrat” medali sohibi, 3 nafari “Kelajak bunyodkori” medali sohibi, 6 nafari “Zulfiya” mukofoti sovrindori, 6 nafar yigitlar “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, 26 nafar yoshlar “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni sovrindori boʻlishga erishgan.

Shuningdek, iqtidorli yoshlarning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki ham sezilarli darajada oʻzgargan. Xususan, 215 nafar yoshlar AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Latviya, Ispaniya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston kabi davlatlarda oʻtkazilgan nufuzli tanlovlarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.

Matbuot anjumani davomida Oʻzbekistonda ilk marotaba sunʼiy intellekt asosida tayyorlangan “Arda” hujjatli filmining tizeri namoyish etildi. Mazkur hujjatli film ilk bora sunʼiy intellekt asosida yaratilgan boʻlib, barcha maʼlumotlar tarixiy va asosli manbalarga ega. Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chogʻida ham bu qadimiy diyorning betakror salohiyati, turistik majmualarning koʻpligi va jahon hamjamiyati tomonidan yuksak eʼtirof etilayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi.

“Arda” hujjatli filmi Xiva tarixi, sivilizatsiyasi koʻrsatilgan AI orqali yaratilgan realistik tasvirli ilk film boʻlib, film 2 oy davomida yaratilgan. Filmda 15ga yaqin ijodiy jamoa ish olib bordi. Mamlakatimizdagi ilk sivilizatsiya, din va madaniyat rivojlanishi, tarixiy obidalar qurilish davri, bosqinlar, urushlar koʻrsatilgan. Mazkur hujjatli film Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutining Xorazm tarixi boʻyicha mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlangan.

Matbuot anjumanida soʻzga chiqqan boshqa mutaxassislar ham madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari va jamoatchilik faollari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?