“Shariat tamoyillariga mos”: Toshkentda Islom moliyasi boʻyicha oʻquv seminar tashkil etildi
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasida Islom moliya tizimini joriy etish va rivojlantirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 27-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun imzolangan edi.
Mazkur qonun doirasida Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda yana 7 ta qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Natijada milliy qonunchilikka “islomiy bank faoliyati”, “islomiy moliya operatsiyalari” va “investitsiyaviy omonat” kabi muhim tushunchalar kiritilgan. Bu esa mamlakatimizda shariat tamoyillariga mos moliyaviy xizmatlar rivoji uchun mustahkam huquqiy zamin yaratishi shubhasiz.

Bugun, 16-aprel kuni Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi binosida islom bankchiligini ommalashtirish va moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida tadbirkorlar uchun Islom moliyasi boʻyicha oʻquv seminari tashkil etildi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Ushbu oʻquv seminarida tadbirkorlar, soha mutaxassislari, jamoatchilik faollari, bank-moliya tizimi xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari hamda mazkur yoʻnalishga qiziqish bildirgan keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida “Mezon Kengashi” MCHJning yetakchi mutaxassislari tomonidan islomiy bankchilikning oʻziga xos jihatlari boʻyicha maʼruzalar qilindi. Tadbir doirasida ishtirokchilar islom moliyasining asosiy tamoyillari, islom bankchiligi instrumentlarining amaliyotda qoʻllanilishi hamda tadbirkorlik faoliyatida islomiy moliyaviy mahsulotlardan samarali foydalanish masalalari bilan yaqindan tanishadilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi maʼlumotlariga koʻra, aholining qariyb 68 foizi va tadbirkorlarning 60 foizi anʼanaviy bank xizmatlaridan diniy sabablarga koʻra foydalanmaydi. Yangi qonun ushbu ehtiyojni qondirish bilan birga, mamlakatga yillik 5 milliard dollargacha baholanayotgan islomiy kapitalni jalb etish imkoniyatini ochishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri topshirigʻiga muvofiq, “Oʻzbekistonda Islom moliyasini joriy etish boʻyicha loyiha boshqaruv rejasi” ishlab chiqilib, ushbu reja doirasida vazirlik va idoralar, shuningdek, tegishli tashkilotlar oldiga aniq vazifalar belgilab berilgan.

Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi mazkur rejaning 10-bandiga muvofiq aholi va tadbirkorlik subyektlarining islomiy moliya sohasidagi savodxonligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli targʻibot va oʻquv dasturlarini amalga oshirishni rejalashtirgan. Shu maqsadda 2026-yil davomida hududlarda uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va amaliy seminarlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Oʻquv seminari davomida savol-javob sessiyasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislarga bevosita murojaat qilish, dolzarb savollarga javob olish, shuningdek, amaliy tavsiyalar va zarur tushuntirishlarga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring