Senator tomonidan Yashnobod tumani mahallalarida xavfsiz muhitni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari oʻrganildi

11:46 04 Fevral 2026 Siyosat
356 0

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahri Yashnobod tumani mahallalarida xavfsiz muhitni taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.

Oʻrganishlar doirasida tumandagi “Argʻin” va “Xosiyatli” mahalla fuqarolar yigʻinlarida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan ishlar koʻrib chiqildi.

Kriminogen vaziyat nisbatan ogʻir boʻlgan mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar, aholi bilan ishlashga asoslangan ijtimoiy profilaktika mexanizmlarining amaliy samaradorligi tahlil qilindi. Bu borada profilaktika inspektorlari, mahalla faollari va boshqa masʼul tuzilmalar oʻrtasidagi hamkorlik holatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, mahallalarda videokuzatuv kameralari, domofon tizimlari va “tashvish tugmalari” oʻrnatilishi holati oʻrganildi. Ishchi guruh tomonidan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, maishiy korrupsiya holatlarining oldini olish hamda tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, ishchi guruh aʼzolari aholini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan fuqarolar bilan bevosita suhbatlar oʻtkazdi.

Oʻrganish va tahlillar natijalari “mahalla yettiligi”, profilaktika inspektorlari va boshqa masʼul xodimlar ishtirokida muhokama qilinib, aholi xavfsizligini taʼminlashda tizimli yondashuvni yanada kuchaytirish, aniqlangan muammolarni bartaraf etish va profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?