Oʻzbekistonda suv omborlar aerokosmik texnologiyalar asosida monitoring qilinmoqda
Bugungi kunda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Oʻzbekkosmos) tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish, xususan, sunʼiy yoʻldosh tasvirlari, uchuvchisiz uchish apparatlari hamda yangi avlod batimetrik uskunalari yordamida suv omborlarining holatini oʻrganish va ularning raqamli modellarini yaratish ishlari olib borilmoqda.
Bugun, 17-mart kuni Suv xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekkosmos” agentligi hamkorligida suv omborlarining loyqa oqiziqlari bilan toʻlish dinamikasini aniqlash maqsadida batimetrik uskunalar hamda aerokosmik maʼlumotlardan foydalangan holda suv omborlarining raqamli 3D modellarini yaratish bosqichlarini ommaviy axborot vositalari vakillariga real vaqt rejimida amaliy tarzda namoyish etish maqsadida media-tur tashkil etildi.
Media-tur davomida jurnalistlar, jamoatchilik faollari, soha mutaxassislari hamda tadqiqotchilar jarayonni bevosita kuzatish imkoniga ega boʻldilar. Mutaxassislar tomonidan batimetrik uskunalar yordamida suv omborlari tubining chuqurlik koʻrsatkichlarini aniqlash jarayoni, shuningdek, aerokosmik maʼlumotlar asosida hududni masofadan turib tahlil qilish usullari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-429-sonli qarori ijrosi doirasida respublikadagi 60 ta suv omborida loyqa oqiziqlari bilan toʻlish dinamikasini monitoring qilish ishlari zamonaviy texnologiyalar va qurilmalardan foydalangan holda yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2024-yil 14-oktyabrdagi “2024-2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-155-sonli Farmoniga muvofiq, 50 ta suv omborida ikki yillik oraliq bilan qayta monitoring ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadqiqotlarda anʼanaviy oʻlchov usullaridan farqli ravishda batimetrik oʻlchovlar bilan bir qatorda aerokosmik maʼlumotlardan ham keng foydalanildi. Maʼlumki, batimetrik tasvirga olish uskunalari asosan suv osti qismidagi relyefni oʻlchash imkonini beradi. Biroq koʻplab holatlarda suv omborlari turli sabablarga koʻra (jumladan, gidrotexnik inshootlarning xavfsizlik talablari sababli) loyihaviy hajmiga toʻliq toʻldirilmaydi. Shu bois suv omborlarining toʻliq hajmi va holatini aniqlash uchun qoʻshimcha aerokosmik tasvirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻlchov ishlarini boshlashdan avval suv omborlarining soʻnggi uch yillik gidrodinamik rejimi tahlil qilinadi. Bunda suv toʻldirish jarayonining mavsumiy xususiyatlari, suv sathining maksimal va minimal koʻrsatkichlari qayd etilgan davrlar aniqlanadi. Suv omborlarining toʻliq hajmi va holati haqida aniq maʼlumot olish maqsadida ularning uch oʻlchamli (3D) raqamli modellari yaratilib, suv sathi eng past boʻlgan davrda suv omborining suv usti qismi hamda muhofaza hududlari aerokosmik tasvirga olinadi. Uchuvchisiz uchish apparatlari parvozini amalga oshirish imkoni boʻlmagan hududlarda esa bevosita sunʼiy yoʻldosh tasvirlaridan foydalanildi.
Misol uchun, 2025-yilda Andijon (Kampirobod) suv ombori boʻyicha olib borilgan tadqiqotlarda ham aerokosmik tasvirlar qoʻllanilgan boʻlib, mazkur suv ombori Qirgʻiziston bilan chegaradosh hududda joylashgan. Loyiha boʻyicha suv yigʻish sathi 906 metrni tashkil etadi. Biroq 2022-yilda ikki davlat oʻrtasida imzolangan kelishuvga muvofiq suv yigʻish darajasi 900 metr sathgacha cheklangan.
Shuningdek, suv sathi yuqori boʻlgan davrda, asosan sugʻorish mavsumi boshlanishidan oldin mart, aprel va may oylarida suv omborlarida batimetrik tasvirga olish ishlari amalga oshiriladi. Bunda zamonaviy “NORBIT iWBMSe” koʻp nurli batimetrik qurilmasidan foydalaniladi. Ushbu uskuna lidar skaneri prinsipiga oʻxshash tarzda koʻp nurli texnologiya asosida ishlaydi va suv ombori tubini toʻliq skanerlash imkonini beradi. Oʻlchov jarayonida motorli qayiq GPS va navigatsiya tizimlari orqali boshqarilib, bu oʻlchovlarning aniqligini sezilarli darajada oshiradi.
Avvalgi anʼanaviy usullarda esa suv ombori hajmi maʼlum oraliqlarda olingan koʻndalang profillar asosida matematik hisoblash yoʻli bilan aniqlangan. Bunda koʻpincha “shtanga tashlash” usuli – yuklamali arqon yoki zanjir yordamida chuqurlik oʻlchash, ayrim sayoz hududlarda esa reykalar yordamida oʻlchovlar amalga oshirilgan. Keyinchalik ushbu usul doppler profilograflar yoki bir nurli exolotlar yordamida modernizatsiya qilingan boʻlsada, shamol, suv oqimi, profillar masofalari orasidagi boʻshliqlar hamda profillarning parallel boʻlmasligi kabi omillar oʻlchov aniqligiga taʼsir koʻrsatgan.
Zamonaviy aerokosmik va koʻp nurli batimetrik usullar yordamida olingan maʼlumotlar maxsus dasturiy taʼminot orqali birlashtirilib, suv omborlarining yagona raqamli 3D modeli yaratiladi. Ushbu model asosida suv omborlarining har 10 santimetr (zarurat boʻlganda 1 santimetrgacha) suv sathi boʻyicha suv hajmi va suv yuzasi maydonini aniqlash imkoniyati yaratiladi. Natijada kosmik tasvirlar yordamida suv omborlaridagi suv sathi va hajmini kundalik asosda muntazam monitoring qilish imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa suv resurslarini samarali boshqarish, sugʻorish jarayonlarini rejalashtirish hamda gidrotexnik inshootlar xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Press-tur ishtirokchilari ushbu zamonaviy texnologiyalar suv omborlarini monitoring qilishda naqadar muhim ahamiyat kasb etishini bevosita koʻrish imkoniga ega boʻldilar. Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan ushbu texnologiyalar suv resurslarini samarali boshqarish, suv omborlarining haqiqiy hajmini aniqlash, loyqa oqiziqlar bilan toʻlish dinamikasini muntazam kuzatish hamda gidrotexnik inshootlar xavfsizligini taʼminlashda muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senator tomonidan mahallalarda tomorqachilik va bogʻdorchilikni rivojlantirish ishlari oʻrganildi
- Yosh parlament aʼzolari forumida barqaror taraqqiyot va global hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi
- Senator talaba qizlar bilan davlat xizmatida ayollar ishtirokini kengaytirish masalasini muhokama qildi
- Sudyalar oliy kengashi tarkibini saylash masalasi koʻrib chiqildi
- Senat qoʻmitasida kiberxavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi yangi choralar koʻrib chiqilmoqda
- Pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatishda 50 foiz chegirma beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring