Sudyalar oliy kengashi tarkibini saylash masalasi koʻrib chiqildi

23:03 17 Aprel 2026 Siyosat
113 0

Joriy yilning 17-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, sudyalar mustaqilligini mustahkamlash hamda odil sudlovni taʼminlashning institutsional mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim masala – Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkibini saylash masalasi muhokama qilindi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyatining nufuzini oshirish, fuqarolarning sudlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, sudyalar faoliyatida xolislik va mustaqillikni taʼminlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Sudyalar oliy kengashining oʻrni va ahamiyati alohida hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkibiga nomzodlar yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar Senat Kengashida koʻrib chiqildi.

Mazkur masala yuzasidan Senat Kengashining qaroriga muvofiq:

N.Boboxonova Sudyalar oliy kengashi raisining oʻrinbosari, T.Buvayev, S.Davletmuratov, X.Sadikov, G.Shukurlayeva va A.Qodirov Sudyalar oliy kengashi sudyalari, S.Talipov Sudyalar oliy kengashi kotibi lavozimiga saylandi.

Shuningdek, U.Mingbayev, N.Raximova, F.Eshmatova va M.Kalandarova jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar oliy kengashi aʼzolari etib saylandi.

Yigʻilishda soʻzga chiqqan senatorlar mazkur tayinlovlar sud tizimida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, shuningdek, sud hokimiyatining samarali faoliyatini tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Alohida qayd etilganidek, Sudyalar oliy kengashi faoliyatining samarali tashkil etilishi sudyalarni tanlash, tayinlash, shuningdek, intizomiy javobgarlikka tortish jarayonlarining xolis va adolatli amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?