Senat qoʻmitasida kiberxavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi yangi choralar koʻrib chiqilmoqda

23:05 17 Aprel 2026 Siyosat
110 0

Oliy Majlis Senatining 2026-yilga moʻljallangan ish rejasiga muvofiq Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda Jinoyat kodeksini takomillashtirish, xususan kiberjinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirilgani taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda axborot texnologiyalari jadal rivojlanishi bilan birga kiberjinoyatlar soni ham keskin ortib bormoqda. Xususan, elektron toʻlov tizimlari orqali mablagʻlarni talon-toroj qilish, shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash, shuningdek, sunʼiy intellekt yordamida ovoz va qiyofani soxtalashtirish holatlari koʻpaymoqda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra 2021-yilda raqamli makonda 20 turdagi jinoyat qayd etilgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 64 taga yetgan. 2025-yilda esa respublikada qayd etilgan jami jinoyatlarning 49,6 foizi axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Yigʻilishda kiberjinoyatlarning yuqori yashirinlik darajasi, ularning masofadan turib sodir etilishi kabi omillar ularning ijtimoiy xavfliligini oshirayotgani alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xavfsiz muhit” tamoyili doirasida nafaqat jismoniy, balki raqamli makonda ham fuqarolar xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa ekani qayd etildi.

Yigʻilish yakunida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, qonunchilikni takomillashtirish va jazo choralarini kuchaytirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?