Yosh parlament aʼzolari forumida barqaror taraqqiyot va global hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi

23:00 17 Aprel 2026 Siyosat
117 0

Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida Yosh parlament aʼzolari forumi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi, Yoshlar parlamenti aʼzolari muhim tashabbus va takliflarni ilgari surishdi.

Forumda bugungi kunda yosh qonun chiqaruvchilar adolatli, xavfsiz va barqaror dunyo barpo etishda muhim oʻrin tutayotgani yuzasidan qizgʻin muhokamalar olib borildi. Yoshlarni parlament va davlat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish, ularning qaror qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Tadbirda global oʻzgarishlar, xususan geosiyosiy keskinliklar va iqtisodiy aloqalardagi murakkabliklar sharoitida parlament diplomatiyasining ahamiyati ortib borayotgani qayd etildi.

Senat Raisi Tanzila Narbayeva taʼkidlaganidek, bugungi sharoitda yosh parlament aʼzolari nafaqat siyosiy jarayonlarda ishtirok etuvchi, balki tinchlikni mustahkamlash va adolatli global iqtisodiyotni shakllantirishga hissa qoʻshuvchi muhim kuchga aylanmoqda.

Proteksionizm kuchayishi, taʼminot zanjirlarining uzilishi va iqtisodiyotning qutblarga boʻlinishi sharoitida, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar va yoshlarga taʼsir kuchaymoqda. Shu bois xalqaro miqyosda soliq shaffofligini taʼminlash, moliyaviy resurslarni taʼlim, sogʻliqni saqlash, raqamli transformatsiya va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Forum doirasida joriy yilning 4–6-sentyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament aʼzolarining 12-global konferensiyasiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Unda boʻlajak anjumanning mazmun-mohiyati, uning xalqaro ahamiyati hamda Samarqand shahrining yuksak mezbonlik salohiyati atroflicha va taʼsirchan tarzda yoritildi. Forum ishtirokchilarida mazkur videorolik katta qiziqish uygʻotib, Oʻzbekistondagi yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar yuqori baholandi.

Taʼkidlash joizki, ushbu tashabbus Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ilgari surilgan boʻlib, u yosh parlament aʼzolari oʻrtasida global muloqot va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Oʻzbekiston xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa yoshlar parlamentarizmi sohasida muloqot va tajriba almashinuvini yanada kengaytirishni ilgari surmoqda. Shu nuqtayi nazardan, mazkur 12-global konferensiya muhim xalqaro platforma sifatida eʼtirof etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?