Tramp AQSH Venesuelani boshqarishini aytdi. Ammo bu qanday koʻrinish olishini hozircha hech kim bilmaydi
AQSH rasmiylari Nikolas Maduroni qoʻlga olish operatsiyasini kuzatmoqda. 2026-yil 3-yanvar
AQSH tomonidan Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qoʻlga olish operatsiyasidan bir necha soat oʻtib, AQSH prezidenti Donald Tramp matbuot anjumanida shunday dedi:
“Biz xavfsiz, tartibli va qonuniy tarzda hokimiyatni topshirishni amalga oshirish imkoni tugʻilguniga qadar mamlakatni boshqarib turamiz”.
Venesuelada na amerikalik askarlar, na hatto AQSH elchixonasi mavjud ekanini hisobga olsak, AQSH mamlakatni aynan qanday usulda boshqarmoqchi ekani hozircha noaniq.
Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi etib vitse-prezident Delsi Rodriges tayinlandi — u Maduroning sodiq hamsafdoshi hisoblanadi. Tramp undan “neft va boshqa resurslarga toʻliq kirish imkoni berishni, shu orqali ularning mamlakatini tiklash uchun sharoit yaratishni” talab qildi. Shuningdek, agar Rodriges “oʻzini toʻgʻri tutmasa”, uni Madurodan ham ogʻirroq taqdir kutishi mumkinligi bilan qoʻrqitdi.
Jurnalistlar “Venesuela vitse-qiroli” deb atagan rol norasmiy maʼlumotlarga koʻra, AQSH davlat kotibi va milliy xavfsizlik boʻyicha prezident maslahatchisi Marko Rubioga berilmoqda. U Maduroga qarshi operatsiyaning asosiy mafkuraviy tashabbuskori hisoblanadi. ABC telekanaliga bergan intervyusida Rubio “Venesuelani boshqarish” deganda AQSH “bu jarayon qaysi yoʻnalishda harakatlanishini belgilab berishini” nazarda tutayotganini aytdi.
CNN maʼlumotlariga koʻra, Rubio, mudofaa vaziri Pit Xegset, prezidentning ichki xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Stiven Miller va Tramp maʼmuriyatining boshqa amaldorlari Venesueladagi yangi hokimiyat tuzilmasini ishlab chiqmoqda. Bir necha hafta oldin ular Delsi Rodrigesni oʻtish davri rahbari sifatida toʻliq qoniqarli deb topishgan. Ular uning kelishuvga tayyor ekaniga ishonishmoqda.
Maduro qoʻlga olinganidan soʻng darhol Rodriges uni Venesuelaning yagona qonuniy rahbari deb atagan, AQSHni imperializmda va hatto “sionistik fitna”da ayblagan edi. Ammo bor-yoʻgʻi bir sutka oʻtib, u Trampni tinchlik va muloqotga chaqirishga oʻtdi.
Tramp Venesuela muxolifatini qoʻllab-quvvatlashdan va 2024-yilgi saylovlarning amaldagi gʻolibi hisoblangan Edmundo Gonsales Urrutiyani prezident sifatida tan olishdan ochiqchasiga bosh tortdi. U saylovlardagi Maduro “gʻalabasi” ommaviy soxtalashtirishlar natijasi boʻlgan, deb hisoblaydi. Koʻrinishidan, AQSH maʼmuriyati Venesuelada toʻliq rejim almashuvi boshqaruvni yoʻqotishga olib keladi, deb oʻylagan va kamida oʻtish davrida mavjud hokimiyat tizimini saqlab qolishni maʼqul koʻrgan.
Yana bir versiyaga koʻra, bu qaror shaxsiy xafagarchilik bilan bogʻliq: Tramp 2025-yilda Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini olgan muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoga hokimiyatni topshirishni istamagan, chunki u bu mukofotni oʻzi olishi kerak, deb hisoblagan.
Rubioning bayonotlaridan kelib chiqib, AQSH Venesuelada oʻziga xos “kontaktsiz okkupatsiya”ni amalga oshirishni rejalashtirmoqda: na okkupatsiya qoʻshinlari, na maʼmuriyat boʻladi. Biroq Karib dengizida AQSHning yirik harbiy guruhi saqlanib qoladi va mamlakatni dengizdan toʻliq blokada qiladi. Agar yangi hokimiyatning xulq-atvori amerikaliklarni qoniqtirsa, Venesuela nefti yuklangan tankerlarga yoʻl ochiladi. Agar qoniqtirmasa — Maduroni agʻdargan operatsiyaga oʻxshash yangi reydlar oʻtkazilishi mumkin.
Shu paytda AQSH ichki ishlar vaziri Dag Bergam va energetika vaziri Kris Rayt amerikalik neft kompaniyalarini Venesuelaga sarmoya kiritishga koʻndirishga urinmoqda. 2007-yilda prezident Ugo Chaves amerikalik neft kompaniyalarining aktivlarini milliylashtirgan edi. Tramp maʼmuriyati 2025-yil dekabr oyidayoq kompaniya rahbarlariga “Venesuelaga qaytish” taklifini bildirgan, ammo ular buni rad etgan: qariyb 20 yildan soʻng qaytish ulkan sarmoya talab qiladi, xavf-xatar esa qabul qilib boʻlmas darajada yuqori, deb baholangan.
Natijada gʻalati paradoks yuzaga keldi. Ommaviy chiqishlarda Tramp amerikalik neft kompaniyalari Venesuelaga katta mablagʻ sarflab, katta foyda olishini aytadi. Uni boshqa davlatda neft uchun rejim almashtirishga urinishda ayblashmoqda. Ammo pinhona neft kompaniyalari bu “neʼmat”dan voz kechmoqda va Tramp taklif etayotgan shartlarda Venesuelaga qaytishni hali-hanuz istamayapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring