Namanganlik oʻquvchilar yaratgan IT mahsulotlari AQSH va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda

14:32 02 Mart 2023 Jamiyat
902 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida zamonaviy axborot texnologiyalarini oʻqitishning izchil yoʻlga qoʻyilishi yoshlarning ayni sohaga qiziqishini orttirish va bu orqali jahonga chiqishlarida muhim omil boʻlayotir. Ayniqsa, Namangan shahridagi taʼlim dargohlari oʻquvchilari orasida IT va «kreativ industriya»ga hamohang grafik dizayn, dasturlar va saytlar yaratish, ularni takomillashtirish ustida ishlayotgan iqtidor egalari koʻplab topiladi.

Ulardan biri - 34-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Azizbek Yoqubjonov ikki yildan buyon grafik dizayn hamda 3D-modeling bilan professional darajada shugʻullanib yaxshigina muvaffaqiyatga erishmoqda. Hozirga qadar 300 dan ortiq loyihalar boʻyicha ish olib borgan Azizbekning yaratgan uy proyektlari, zamonaviy jismlarning 3D modellari ayni paytgacha AQSH, Rossiya, Qozogʻiston singari davlatlarga sotilgan. Doimiy professional faoliyat va oʻz ustida tinimsiz ishlash natijasida u ayni paytda oyiga oʻrtacha 500 AQSH dollari miqdorida daromad topmoqda.

— Proyektlarni yaratish ish koʻlamiga qarab bir kundan bir haftagacha vaqt talab qiladi, — deydi A. Yoqubjonov. — Loyihalar ijrosida Germaniya va Yaponiya bilan hamkorlik qilayotgan “UNITED IT CLUBS«da oʻzim singari yoshlar bilan birgalikdagi izlanishlarimiz natijasini berayotir.

Yana bir yosh IT ustasi Shohrux Ortiqmashrabov 6-umumtaʼlim maktabida saboq oladi. Hozirda “FLUGGI IT” oʻquv markazida grafik dizayn bilan shugʻullanayotgan iqtidor egasi 50 dan ortiq mualliflik loyihalarini AQSH va Yevropa mamlakatlariga realizatsiya qilgan. U grafik dizayn, dasturlash va marketing yoʻnalishlarida ish olib boradi. Shohruxning oʻquv markazida tengdoshlari bilan birgalikda jamoaviy tarzda tayyorlagan loyihalarining har biri 25 AQSH dollaridan 3000 AQSH dollarigacha baholanmoqda. Ular orasida bir qator xorijiy kompaniyalarning logotip va bannerlari, yurtimizdagi nufuzli brendlarning veb-saytlari bor. Mazkur loyihalarni tayyorlash murakkabligi va qamroviga koʻra uch kundan olti oygacha boʻlgan muddatni talab qiladi. Sh. Ortiqmashrabov va uning doʻstlariga shu kunlarda veb- saytlar dizayni hamda logotiplar tayyorlash boʻyicha AQSH va Argentina davlatlaridan takliflar kelib tushmoqda.

Maʼlumot uchun, Namangan viloyatida IT sohasida faoliyat olib borayotgan 130 dan ortiq subyektlar tomonidan oʻtgan yilning oʻzida 26,2 milliard soʻmlik dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilib, xizmatlar koʻrsatildi. IT – Rark rezidentlari tomonidan amalga oshirilgan eksport xajmi 515 ming AQSH dollaridan ortdi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?