Oʻzbekistonda steyblkoinlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish mumkin boʻladi

17:33 16 Aprel 2026 Iqtisodiyot
245 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning 15-aprel kuni Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi idoraviy hujjat Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3818).

Barqaror token (steyblkoin) qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng boʻlgan token (kripto-aktiv) turi hisoblanadi (steyblkoyn — qiymati odatda AQSH dollari kabi barqaror aktivga bogʻlangan, narxi keskin oʻzgarmaydigan kriptovalyuta. Token — bu oʻz blokcheyni boʻlmagan, boshqa blokcheynda yaratiladigan raqamli aktiv. U kriptovalyuta emas, lekin kripto tizimida qiymat yoki huquqni ifodalaydi).

Maxsus rejim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar barqaror tokenlarni chiqarishi mumkin. Maxsus rejim doirasida quyidagi tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishi mumkin:

• milliy va (yoki) xorijiy valyuta bilan taʼminlangan barqaror tokenlarni chiqarish;

• Oʻzbekiston hududida barqaror tokenlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish;

• xalqaro oʻtkazmalarni amalga oshirish uchun barqaror tokenlardan foydalanish;

• blokcheyn texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi toʻlov tizimlarini yaratish.

Shuningdek, barqaror tokenlarni chiqarish uchun taʼminot sifatida faqat Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyilgan milliy va (yoki) xorijiy valyutadagi pul mablagʻlaridan foydalanilishi lozim. Barqaror tokenlarga taʼminotni shakllantirish uchun kredit yoki garovga olingan mablagʻlar yoxud boshqa jalb qilingan mablagʻlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Arizachilar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlarni koʻrib chiqish hamda maxsus rejim ishtirokchisini roʻyxatdan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?