Sohibqironning bolalik va oʻsmirlik davrlariga bagʻishlangan “Temurbek” nomli tarixiy qissa taqdimot qilindi (+fotoreportaj)

08:25 08 Aprel 2026 Jamiyat
879 0

Bugungi murakkab va tez oʻzgarayotgan dunyoda milliy tarixga xolis yondashish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik va tarixiy xotirani mustahkamlash dolzarb vazifaga aylandi. Davlatimiz rahbari tomonidan ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, buyuk ajdodlarimiz, jumladan Amir Temurning hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish zarurligi taʼkidlanadi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali muallifligida “Temurbek” nomli yangi tarixiy qissa yaratildi.

Kecha, 7-aprel kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida mazkur yangi tarixiy kitobning taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Unda taniqli tarixchilar, adabiyotshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ayniqsa, tadbir davomida talabalar va yosh ijodkor yigit-qizlar yangi asarga katta qiziqish bildirdilar.

“Temurbek” qissasi Sohibqiron Amir Temurning bolalik va oʻsmirlik davrlarini yoritishga bagʻishlangan boʻlib, muallifning koʻp yillik ilmiy va ijodiy izlanishlari asosida tayyorlangan.

Maʼlumki, Amir Temurning bolaligi, oʻsmirligi haqida rasmiy risolalar, maʼlumotlar tarixiy manbalarda kam saqlangan. Nizomiddin Shomiy, Sharafuddin Ali Yazdiy, Fasix Xavofiy kabi tarixchilar asarlari, shuningdek xalq ogʻzaki ijodi namunalarida saqlanib qolgan parchalar asosida Temurbekning bolalik davrini qayta tiklashga urinishlar amalga oshirilgan. “Temurbek” asari ana shu manbalarni badiiy talqin qilish orqali oʻquvchiga yangi qarash va tasavvur beradi.

Kitobning oʻziga xos jihati shundaki, u zamonaviy texnologiyalar asosida sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan illyustratsiyalar va videomateriallar bilan boyitilgan.

Taqdimot marosimi davomida “Temurbek” qissasi nafaqat tarixiy-badiiy asar, balki yosh avlodni milliy gʻurur, vatanparvarlik va maʼnaviy barkamollik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim manba sifatida xizmat qilishi taʼkidlandi. Mazkur kitob keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar, tarixshunoslar va adabiyot ixlosmandlari uchun moʻljallangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?