Mamlakat madaniyatiga boʻlgan oddiy va samimiy hurmat belgisi

16:24 17 Aprel 2026 Jamiyat
163 0

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning soʻnggi, yurtimizga oid postlarini kuzatib, bitta jihat eʼtiborimni tortdi. Mashhur futbolchi postdagi gaplarni, avvalo, oʻzbek tilida boshlayapti. Bu shunchaki tarmoq yuritish usuli emas, balki auditoriyaga, shu mamlakat madaniyatiga boʻlgan oddiy va samimiy hurmat belgisidir. Italiyadan kelgan, butun dunyo taniydigan, “Oltin toʻp” sohibining bu eʼtibori, ochiq aytish kerak, komplekslari yoʻq, oʻzini shu jamiyatning bir boʻlagi hisoblaydigan istalgan oʻzbekistonlikka xush yoqadi.

Aslida, bu hammamiz uchun yaxshigina namuna. Biz koʻpincha “shunga oʻrganib qolganmiz”, “boshqalar tushunmaydi” degan andishalar bilan eski odatlarimizdan kecholmaymiz, lekin oʻzgarish uchun qandaydir katta turtki shart emas. Atigi ozgina istak va muloqot odatini toʻgʻri shakllantirishga boʻlgan iroda boʻlsa yetarli ekanini shu bitta misol ham koʻrsatib turibdi.

Quvonarlisi shundaki, bu borada davlat idoralarida allaqachon siljish bor, koʻzga tashlanyapti. Misol uchun, 2020-yil 20-oktyabrda Prezident tomonidan imzolangan PF-6084-sonli: “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bor. Uning ijrosi yuzasidan rasmiy yozishmalar va ichki hujjatlar almashinuvi izchil ravishda oʻzbek tiliga faol koʻchirilayotgani — davlat tilining munosib oʻrni his etilishi boshlangani umid baxsh etadi. Albatta, hammasi birdaniga silliq kechmayotgandir, ammo qadamlar toʻgʻri va mantiqiy yoʻnalishda tashlanayotgani koʻngilni toʻq qiladi.

Ayniqsa, Navroʻz bayramida Amir Temur imperiyasining bayrogʻi magʻrur hilpiragani, eng yuqori minbarlardan milliy oʻzlikni anglashga yorqin ishoralar boʻlayotgani ham aslida yaqqol signal beradi.

Endigi qadamni yirik bizneslar, xizmat koʻrsatish sohalari va xususiy maktablar tashlasa maqsadga muvofiq boʻlardi. Davlat sektorida yuz berayotgan va hatto chet elliklar tushunib yetayotgan lisoniy hurmat muhitini xususiy sektorda yaratish ham qiyin emas. Buning uchun katta sarmoya yoki yuqoridan buyruq boʻlishi shart emasda — shunchaki oʻz isteʼmolchisiga qaratilgan hurmat, aholining shu davlat, bir millat oʻzligini his eta olishiga daxldorlikni sezishsa bas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?