Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Germaniya ekspertlarining 1-forumi ish boshladi

22:27 16 Aprel 2026 Welcome to uzbekistan
197 0

2024-yilning sentyabr oyida Ostonada oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo + Germaniya” sammitida Prezidentimiz ushbu davlatlarning tahliliy markazlari forumini taʼsis etish hamda uning birini uchrashuvini Xiva shahrida tashkil qilishni taklif etgan edi. Ushbu tashabbus asosida joriy yilning 16-17-aprel kunlari Xivada oʻtkazilayotgan “Oʻzgaruvchan dunyoda strategik hamkorlik” mavzusidagi anjumanda Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi tahlil markazlari rahbarlari, nufuzli ekspertlar, ilmiy va taʼlim doiralari hamda biznes hamjamiyati vakillari qatnashmoqda. Forumning ochilish tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, viloyat hokimi Joʻrabek Raximov va boshqalar soʻzga chiqdi.

-Ushbu Forum aynan Xiva shahrida oʻtkazilayotgani bejiz emas, — deydi anjuman ishtirokchisi, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Andre Algermissen. — Chunki, tarixdan maʼlum, 1882-1937-yillarda Xorazmda nemis mennonitlarining katta jamoasi yashagan va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga juda katta hissa qoʻshishgan. Mustaqillik yillarida mintaqa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqining asosiy ishtirokchilaridan biri boʻlgan Germaniya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi. Bugungi uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad “Markaziy Osiyo + Germaniya” formatini tahliliy qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashadigan doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar platformasini ishga tushirishdan iborat.

Anjuman doirasidagi muhokamalar, qizgʻin fikr almashuvlar Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya oʻrtasida siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiya va sanoat sherikligini rivojlantirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, shuningdek, akademik almashinuvlar va uyushgan mehnat migratsiyasini qoʻllab-quvvatlash kabi muhim masalalarni samarali hal etishga xizmat qiladi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?