Samarqandda Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi
Qozogʻiston parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Samarqand shahri “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Umumiy oʻtmishdan – mushtarak kelajak sari” mavzusida Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi.
Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari ildizi mushtarak, taqdiri tutash, Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida ming yillar davomida shakllangan boy meros sohiblari ekanini alohida taʼkidladi.
Qayd etilganidek, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar bugungi kunda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Qozogʻiston Senati Raisi Maulen Ashimbayev ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik iqtisodiyot va siyosatdan tortib, ekologiya, taʼlim va madaniyatgacha boʻlgan asosiy yoʻnalishlarni qamrab olgan holda bundan buyon ham izchil kengayib borishini taʼkidladi.
Forumda Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, al-Forobiy, Mahmud Qoshgʻariy, Alisher Navoiy, Bobur va Abay kabi ulugʻ siymolar merosi xalqlarimiz oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlikning mustahkam asosi ekani alohida qayd etildi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Turkiston, Chimkent va Olmaota kabi shaharlar esa umumiy tarix va madaniy merosning tirik guvohlari sifatida eʼtirof etildi.
Anjumanda keyingi yillarda ikki davlat oʻrtasida gumanitar sohadagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani taʼkidlandi. Xususan, oʻtgan yilning oʻzida Oʻzbekiston madaniyati va oʻzbek xalqining koʻp asrlik anʼanalarini targʻib qilishga qaratilgan 18 ta madaniy-gumanitar tadbir oʻtkazilgani qayd etildi.
Qozogʻiston vakillari Samarqanddagi “Sharq taronalari”, Shahrisabzdagi “Maqom”, Termizdagi “Baxshi”, Margʻilondagi “Buyuk ipak yoʻli” va Qoʻqondagi “Hunarmand” kabi xalqaro festivallarda muntazam ishtirok etib kelayotgani alohida eʼtirof etildi.
Ilm-fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik natijalari forum ishtirokchilari eʼtibor markazida boʻldi. Bugungi kunda Qozogʻistondagi 116 ta taʼlim muassasasida 8 500 nafar oʻzbekistonlik talaba tahsil olayotgani, universitetlar, fanlar akademiyalari, muzeylar va ijodiy uyushmalar oʻrtasida samarali hamkorlik shakllangani taʼkidlandi.
Shu tariqa, Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi ikki xalq oʻrtasidagi gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi qoʻshma tashabbus va loyihalarni muhokama qilish, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va ijod ahli oʻrtasida oʻzaro fikr almashish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qildi.
Shu bilan birga, forum doirasida delegatsiya rahbarlari va ishtirokchilar universitetda tashkil etilgan ikki xalqning buyuk shoirlari, rassomlari va olimlarining ilmiy hamda ijodiy merosidan iborat namunalar koʻrgazmasi, shuningdek, innovatsiyalar va IT-texnologiya loyihalari bilan tanishdilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring