Qoʻmita majlisida soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishiga oid qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi

11:49 13 Mart 2026 Siyosat
206 0

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi majlisida “Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va valyutani tartibga solish liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, tegishli qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlarining ayni bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olish, soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Senatorlar tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishi talablarini qayta koʻrib chiqish zarurligi haqida ham fikr bildirdi.

Qonun bilan “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunga tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning qonunda belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun javobgarlik choralarini liberallashtirish, shuningdek aktivlarni repatriatsiya qilish boʻyicha talablarni soddalashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Soliq va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslar shaxsning ayni bir huquqbuzarlik uchun bir marotaba javobgarlikka tortilishini taʼminlashni hamda soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi normalar bilan toʻldirilmoqda.

Qoʻmita aʼzolari Qonun tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratilishiga va aktivlarning qonunda belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishini taʼminlashga, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Muhokama yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?