Oʻzbekiston tumanida “Mening maktabim” loyihasi gʻoliblariga 3 milliard 656 million soʻmlik zamonaviy jihozlar ajratildi
Oʻzbekiston tumani maktablari soni koʻpligi boʻyicha Fargʻona viloyatida yetakchi hisoblanadi. Ayni paytda tumanda 70 ga yaqin maktab faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ushbu bilim dargohlarida kelajagimiz vorislari mukammal taʼlim-tarbiya olmoqdalar.
“Mening maktabim” loyihasi doirasida ham tumandagi taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasi zamonaviy mezonlar asosida yaxshilanib borayotgani ayni yoʻnalishdagi yutuqlar koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga molik.
— Prezidentimizning tegishli farmoni asosida 2024-yildan boshlab byudjet mablagʻlarini jamoatchilik ishtirokida taqsimlashda maktab oʻquvchilari ishtirokini nazarda tutuvchi – “Mening maktabim” loyihasi yoʻlga qoʻyilgani bu borada muhim omil boʻlmoqda, — deydi Oʻzbekiston tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Shohruhbek Shokirov. — Umumtaʼlim muassasalarini rivojlantirish, oʻquvchilarning taklif va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ushbu loyihaning 2025-2026 oʻquv yilidagi ikkinchi bosqichida ham oʻquvchilarimiz faol ishtirok etdi.

Ayni bosqichda tumandagi 68 ta maktab oʻquvchilari qatnashib, umumiy qiymati 3 mlrd 656 mln soʻm boʻlgan 223 ta loyiha gʻolib deb topildi. Eʼtiborlisi, bu loyihalar uchun qariyb 7,5 ming nafar oʻquvchi tomonidan ovoz berildi.
Shu kunlarda loyiha gʻoliblari boʻlgan maktablarga 106 ta zamonaviy interaktiv sensorli panellar, 16 ta bilim dargohining sinf xonalari uchun video kuzatuv kameralari hamda 5 ta taʼlim maskani uchun radiouzellar olib kelindi.
Shuningdek, loyiha doirasida faol va tashabbuskor maktablar uchun parta, doska, stol-stul jamlanmalari, oʻrindiqlar, proyektor, robototexnika toʻplami kabi qator zaruriy hamda zamonaviy jihozlar keltirilmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Umumiy mukofot jamgʻarmasi 700 ming yevro boʻlgan shaxmat turniri yakunlandi
- Oʻzbekistonda steyblkoinlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish mumkin boʻladi
- Shavkat Mirziyoyev madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi
- Prezident uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Eron mamlakat rahbariyatining oʻldirilishi uchun AQSH va Isroilni javobgarlikka tortmoqchi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring