Zoyir Mirzayev fermerga “Nexia-3” sovgʻa qildi
Qashqadaryo viloyati hokimligining katta anjumanlar zalida oʻtkazilgan badiiy musiqiy bayram tadbirida qishloq xoʻjaligi xodimlari, qishloq xoʻjaligi sohasiga aloqador korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda viloyat hokimi voha qishloq xoʻjaligi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan fidoyi dehqon va fermer, mexanizator va agronom, suvchi va irrigatorlar hamda olim va mutaxassislarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
-Yakuniga yetayotgan joriy yilda, qiyinchiliklarga qaramasdan, viloyatimiz dehqonlari 808,6 ming tonna gʻalla, 383,4 ming tonna paxta, 714,8 ming tonna sabzavot, 187,9 ming tonna kartoshka, 315,7 ming tonna poliz mahsulotlari, 149,5 ming tonnaga yaqin meva, 2013 tonna pilla, 132,4 ming tonna goʻsht, 523,8 ming tonna sut va 270,9 mln dona tuxum yetishtirishga erishdilar. Hammasi boʻlib, voha boʻyicha 19 trln. 904 mln soʻmlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirildi. Eng quvonarlisi, bu yil 384 ming tonna gʻalla dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirildi va bu ular uchun katta ragʻbat va mukofotdir,- dedi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.
Bayram tadbirida sohaning ilgʻor va tashabbuskor xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlanishdi. Chiroqchi tumani “Joʻra bobo Boyqulov” fermer xoʻjaligi rahbari Xolmurod Boyqulov joriy yilda viloyat fermerlari orasida eng yuqori natijaga erishgani uchun “Nexia-3” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Anjuman soʻngida soha xodimlari uchun bayramona konsert dasturi namoyish etildi.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring