Joriy yilda qancha hajmda taʼmirlash ishlari olib borildi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning bajarilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda 39 mingdan ziyod koʻp qavatli uylar mavjud. Ularga 329 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari, 708 ta boshqaruv kompaniyasi xizmat koʻrsatib kelmoqda. 2022/2023-yillarda kuz-qish mavsumiga koʻp kvartirali uy-joy fondini tayyorlash boʻyicha boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan joriy yilda 135 mlrd. soʻmlik taʼmirlash ishlari olib borildi.
Xususan, 1 847 ta uyning tom qismi, 2 782 ta uyning kirish yoʻlaklari, 1 202 ta yertoʻla qismidagi muhandislik-kommunikatsiyalari, 1 495 ta kodli qulfli temir eshiklar, 2 527 ta elektr taqsimlovchi shitlar, 368 ta uy ichidagi muhandislik tarmoqlari, 960 ta uyning fasad qismi taʼmirlandi.
Shuningdek, issiqlik taʼminot sohasida Investitsiya dasturi doirasida 41,6 km. magistral issiqlik quvurlari va issiqlik tarmoqlari, 5 ta markaziy, 3 ta mahalliy qozonxona qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Hozirgi kunda 36,3 km. issiqlik tarmoqlari, 1 ta markaziy qozonxona, 25 ta qozon, 347 ta individual issiqlik punktini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Qayd etilganidek, suv taʼminoti sohasida Investitsiya va davlat dasturlari doirasida 232 ta obyektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun 1 807,7 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilishi va ushbu mablagʻlar doirasida 2 298,5 km. ichimlik va oqova suv tarmogʻi, 183 dona ichimlik va oqova suv inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan. 2022-yil 1-oktyabr holatiga 1 304,3 mlrd. soʻm moliyalashtirildi va 1 530,7 mlrd. soʻm miqdorda qurilish-montaj ishlari qilindi. Ushbu mablagʻlar hisobidan 2 143,2 km. ichimlik, 58,3 km. oqova suv tarmogʻi, 101 ta inshootda qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.
Eshituvda deputatlar sohada erishilgan yutuqlarni eʼtirof etib, mutasaddi rahbarlarga takliflar bilan birga oʻzlarini qiziqtirgan savollar, takliflar va tavsiyalarini berdi.
Qizgʻin savol-javoblarga boy boʻlgan tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi va tegishli qaror qabul qilindi.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring