Joriy yil 1-martdan 15-avgustga qadar ov qilish mavsumi yakunlandi
Foto: Халқ сўзи
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshligʻi Abdurashid Sadiqov maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-ilovasida belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, joriy yilning 28-fevralidan mamlakatimizda yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun joriy ov mavsumi yakunlandi.
Aytish oʻrinliki, ovga qiziqish va ishqibozlik koʻpchilikda kuzatiladi. Lekin ov qilishning ham oʻziga xos talablari bor. Mamlakatimizda bu boradagi tartib-qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan, shunga koʻra ov qilishdan oldin quyidagi talablar bajarilishi shart:
— Oʻzbekiston ovchilik va baliqchilik sport birlashmasining aʼzoligini olish;
— Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalaridan ov qurolini roʻyxatdan oʻtkazgan holda tegishli ruxsatnoma olish, shu jumladan, pnevmatik qurol uchun ham.
Ushbu talablar bajarilgandan soʻng ovchi ov qilish huquqiga ega boʻladi.
Quyidagi holatlarda ov qilish taqiqlanadi:
— ov qurollarining taqiqlangan turlaridan va ov qilishning taqiqlangan usullaridan foydalangan holda ov qilish;
— taqiqlangan joylarda, ov qilish taqiqlangan mavsumlarda va muddatlarda ov qilish hamda yovvoyi hayvonlarning taqiqlangan turlarini ovlash;
— ovchilik guvohnomasisiz, ov qurolini saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomasiz, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomasiz hamda ovchilik yoʻllanmasisiz ov qilish.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi tizimiga yerga egalik huquqisiz jami 695 525 gektar maydon ov qilish maqsadida biriktirilgan.
Birlashmaning jami aʼzolari 41 ming nafar boʻlib, shundan 38 ming nafarini ovchi fuqarolar, 3 ming nafarini baliqchilar tashkil etadi.
Bundan tashqari, respublikada 4 mln gektardan ortiq 10 ta oʻrmon davlat ov xoʻjaliklari hamda 63,8 ming gektardan iborat 7 ta xususiy ov xoʻjaliklari mavjud.
Ov qilish muddati yilning maʼlum davri boʻlib, bu davr mobaynida muayyan turdagi yovvoyi hayvonlarni ovlash amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 290-son qaroriga muvofiq brakonyerlar tomonidan noqonuniy ovlangan hayvonlarga - yoshi, kattaligi, ogʻirligi va jinsidan qatʼi nazar, har bir hayvon uchun undirish miqdori Oʻzbekiston fuqarolari va yuridik shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan belgilangan.
Tabiiy muhitda yashaydigan hayvonlar va qushlarning noqonuniy ovlanishini oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, oʻtgan 2022-yilda ov qoidalarini buzishga oid 1 409 ta holat aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda jarima va tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi va qonuniy chora koʻrish yuzasidan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritildi. Shundan 36 ta holat boʻyicha jinoyat ishi ochilgan.
Shuni alohida aytish oʻrinliki, bugungi kunda Tabiat resurslari vazirligi tomonidan vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ov qilishi va noqonuniy ov jarayonlarida ishtirok etishi yuzasidan ham qatʼiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlarining ov jarayonida aks etgan suratlari yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, belgilangan tartibda choralar koʻrildi. Ushbu holat boʻyicha tizimda faoliyat olib borgan 2 nafar xodim oʻz faoliyatini sohaga oid qonun hujjatlari, nizom va lavozim yoʻriqnomasida belgilangan vakolatlari doirasida amalga oshirmaganligi qonuniy tartibda koʻrib chiqilib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida boʻri ovi bilan bogʻliq jarayonda ishtirok etgan Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi Ohangaron shahar boʻlimi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi rahbar xodim ham egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Albatta, yurtimiz tabiatini muhofaza qilish har bir fuqaroning eng asosiy burchidir. Biroq, tabiat muhofazasiga daxldor boʻlgan sohada ishlab, amaldagi qonunlar talabini buzgan holda ov qilgan tizim xodimlarining bunday xatti-harakatlarini aslo kechirib boʻlmaydi.
Tabiat resurslari vazirligi tizimida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Vazir Aziz Abduxakimov, bundan keyin vazirlik tizimida mehnat qilayotgan, tabiatni muhofaza qilishga masʼul boʻlgan xodimlar qoʻliga ov quroli olib ovga chiqishi tabiat himoyachisi degan vakolatli tizim xodimiga umuman yarashmasligini taʼkidladi.
Shu oʻrinda tabiat resurslari vazirligi qonunda belgilangan tartibga asosan 1-martdan 15-avgustgacha ov qilish mavsumi yakunlangani va ov qilish mumkin boʻlmagan ushbu muddat oraligʻida barcha yurtdoshlarimizni qonun talablariga rioya etgan holda ovga chiqmasliklari toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantiradi.
Ogohlantirishlarga qaramasdan ushbu muddatlar oraligʻida ov bilan shugʻullanadigan fuqarolarga kim boʻlishidan qatʼiy nazar qonunda belgilangan tartibda jazo choralari koʻrilishini, qonun barcha uchun barobar ekanligini eslatgan holda barchani tabiatni muhofaza qilishga, ekologiya va atrof-muhitni asrashga chaqiramiz.
Shu oʻrinda barcha yurtdoshlarimizdan bu borada qonunbuzilish holatlariga duch kelinsa, oʻz vaqtida Tabiat resurslari vazirligining yozib olishingizni soʻrardim, “1157” qisqa ishonch raqamiga yoki hududiy boshqarmalarga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtamiz.
Shuningdek, joriy ov mavsumi tugagani munosabat bilan barcha ovchilardan ov yoʻllanmalarini 10 kun muddatda Oʻzbekiston Ovchi va baliqchilar sport birlashmasi va uning hududlardagi boʻlimlariga qonunchilikda belgilangan tartibda topshirish soʻraladi.
Unutmang! Noqonuniy ov qilish qoidalarini hamda tegishli qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunchilikda qatʼiy javobgarlik belgilangan. Bu borada yuzaga keladigan har bir holat boʻyicha oʻrnatilgan tartibda qonun ustuvorligi taʼminlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring