Jon jigarim — jonu jahonim
Foto: “Xalq soʻzi”
Xalqimiz jigarchilik — ming yilchilik, deydi. Zotan, ota-onadan keyin aka-ukachilik, opa-singillik munosabatlari uzilmas rishtalar ila bardavom boʻladi. Ayniqsa, nuroniy yoshda oʻzaro mehr-oqibat tuygʻulari inson umriga umr, rizqiga rizq qoʻshadigan eng goʻzal odobdir.
Koʻklam nafasi borliqqa oʻzgacha chiroy, latofat baxsh etayotgan, bahor yomgʻirlari tabiatga oro berayotgan shu kunlarda Fargʻona viloyatining soʻlim maskanlarida aka-ukalar bilan hamsuhbat boʻlib qoldik. Maʼlum boʻlishicha, 94 yoshli Mahmudjon ota Madumarov 98 yoshli akasi Tursunboy Dehqonovni Fargʻona vodiysi boʻylab sayr qildirib yurgan ekan.
— Har yili erta koʻklamda yurtimizning eng xushmanzara tabiat maskanlariga sayrga chiqamiz,-deydi bir nafas ham akasini eʼtiborsiz qoldirmaydigan Mahmudjon ota. — Chunki bunday paytda qish-qirovli kunlarda kuchsizlangan vujudimiz tabiiy darmondorilarga katta ehtiyoj sezadi. Bahor faslida goʻzal tabiat manzaralari, sharqirab oqadigan zilol suvlar insonga kuch-quvvat, ruhiy bardamlik beradi.
Buni qarangki, aka-ukalar Fargʻona vodiysining dilbar tabiati tanga quvvat baxsh etadigan bunday maskanlardan tashqari Jizzaxning Zomin va Baxmali, Toshkent viloyatining Boʻstonliq, Xumson, Oqtosh singari bahavo joylarida, tarixiy Samarqandu Buxoro, Surxon vohasiga ham sayohat qilishga odatlanishgan ekan. Shuning uchun boʻlsa kerak, shunday tabarruk yoshda ham aka-ukalar juda tetik, gapga chechan, hazil-mutoyibani oʻrniga qoʻyishadi.
— Odam toʻgʻri yashashi, halol rizq topib yeyishi kerak,-deydi bir asrlik umr dovoniga yaqinlashayotgan Tursunboy ota. – Yolgʻon gapirmaslik, sidqidildan mehnat qilishda hosiyat koʻp. Turmush qiyinchiliklariga sabr qilishni bilmaydigan odamning roʻzgʻorida baraka boʻlmaydi.
Andijon viloyatining Baliqchi tumanida umrguzaronlik qiluvchi bu aka-ukalarning bir qarashda boshqalardan ajralib turadigan jihati yoʻq – hamma qatori oddiy insonlar. Ammo ularning baxti ana shu oddiyligida. Shu bilan birga ikkovlonning oʻta sinchkovligini sezasiz, donishmandona nigohlarida hayotiy falsafani koʻrasiz.
— Hozir ham xuddi yosh boladek orqamdan ergashib yuradi,-deya aka hazilomuz ohangda ukasini erkalab, boshini silaydi. – Ammo oʻzim ham ukamni bir kun koʻrmasam, turolmayman, bir qorindan talashib tushganmiz axir.
Akasining bu soʻzlarini jilmayib tasdiqlagan Mahmudjon ota charchab qolmasligi uchun sekin uni qoʻltiqlab oldi.
— Akam — mening jon jigarim, jonu jahonim! — dedi keyin mehr bilan bizga yuzlanib. — Ota-onamdan yolgʻiz yodgorimni koʻz qorachigʻidek avaylab-asrash ukalik burchim.
Xayr-xoʻshlashib, oʻz manzilimiz sari ketarkanmiz, bugungi kunda 80 nafardan ziyod nabira va chevaralar ardogʻida yashayotgan bu aka-ukaga juda havasimiz keldi.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring