Jomboyda bodomchilik rivojlantiriladi

10:12 10 Aprel 2026 Jamiyat
223 0

Jomboy tumanida qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish va aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan yirik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, Xitoypoyon mahallasida “Jomboy agro start” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy bodom bogʻiga asos solindi.

Mazkur loyiha doirasida 25 gektar maydonda barpo etilayotgan bogʻning umumiy qiymati 2 milliard soʻmdan ortiqni tashkil etadi. Hududda 13 ming 700 tup bodom koʻchati ekilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu yerda nafaqat bogʻ, balki mahalliylashtirilgan koʻchatxona va zamonaviy issiqxona ham tashkil etiladi. Natijada 15 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, “Jomboy agro start” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanning 10 ta mahallasida “Bodomchilik koʻchasi” loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida 152 nafar tomorqa yer egalari uchun 3 ming 130 tup koʻchat yetkazib berilishi belgilangan. Sariqipchoq mahallasida esa 18 ta dehqon xoʻjaligining 5 gektardan ortiq yer maydonida bogʻ tashkil etish maqsadida 2 ming 250 tup koʻchat yetkazib berildi.

— Qoramoʻyin mahallasida 2 gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilmoqda, — deydi tuman hokimi oʻrinbosari Samad Saidov. — Ushbu loyiha doirasida koʻchatchilikni rivojlantirish va mahalliylashtirish yoʻlga qoʻyilib, yiliga 120 mingdan ortiq koʻchat yetishtirish imkoniyati yaratiladi.

Hududda bundan ham keng koʻlamli agrosanoat majmuasini barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan. Qiymati 16 milliard soʻm boʻlgan ushbu majmuada ixtisoslashtirilgan ofis binosi, “tomorqa maktabi”, taʼminot va sotuv markazi, agroxizmatlar koʻrsatish tizimi, transport-logistika markazi, 200 tonnalik muzlatkich, shuningdek, mahsulotlarni saralash, qayta ishlash va qadoqlash sexlari qurilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Sag agro” va “Ohalik oltin bogʻi” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda 165 gektar maydonda 82,5 ming tup bodom koʻchati ekilishi koʻzda tutilgan.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, joriy yilda “Jomboy agro start” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 25 milliard soʻmlik 21 ta loyiha amalga oshiriladi. Shundan 9,5 milliard soʻmlik 8 ta loyiha aynan tuman hududida hayotga tatbiq etiladi. Jumladan, Polvonariq mahallasida 4 ta, Ahmadjon Qurbonov va Sariqipchoq mahallalarida 2 tadan bodom plantatsiyalari tashkil etiladi.

Shuningdek, 450 nafar tomorqa yer egalari 9 ming tup bodom, pista va yongʻoq koʻchatlari bilan taʼminlanadi. Joriy yilda 60 gektar bodom va 10 gektar pista plantatsiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. Shu asosda tumandagi 18 ta mahalla maʼlum turdagi mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar natijasida 450 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanib, hududda agrar sohaning barqaror rivojiga mustahkam zamin yaratiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер