Jizzaxda uchta yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir boʻldi
Фото: Видеодан кадр
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida uchta yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir boʻldi. Bu haqda viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 16-may kuni soat 10:30 larda Samarqand va Toshkent shaharlarini bogʻlovchi M-39 avtomobil yoʻlining 978-kilometrida Toshkent yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan 29 yoshli haydovchi boshqaruvidagi HOWO rusumli yuk avtomashinasining tormoz tizimida texnik nosozlik yuzaga kelgan.
Oqibatda oʻzidan oldinda ketayotgan boshqa bir HOWO rusumli yuk mashinasi bilan toʻqnashib ketgan. Zarba kuchli boʻlgani tufayli birinchi yuk mashina yoʻl chetiga agʻdarilgan.
Shu vaqtda yoʻlning chap boʻlagida harakatlanib ketayotgan SANY rusumli yuk avtomobili ham reaksiya bildirishga ulgurmay, agʻdarilib ketgan yuk mashinasi saloniga borib urilgan va qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketgan.
Manbaga koʻra, mazkur yoʻl-transport hodisasida hech kim jabrlanmagan. Hozirda viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hodisa sabablarini oʻrganmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring