Jizzaxda xususiy bogʻcha havzasida choʻkib ketgan qizchaning oʻlimi boʻyicha sud hukmi eʼlon qilindi
Oʻtgan yilning oktyabr oyida Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanida bir yarim yoshli qizcha xususiy bolalar bogʻchasi havzasida (basseyn) choʻkib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Bolalarni tushlikka olib chiqish vaqtida tarbiyachi qizchani koʻzdan qochirgan va birozdan soʻng uni havzada choʻkib ketgan holda topgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzachoʻl tuman sudi tegishli ish yuzasidan hukm chiqardi.
Sud qarori bilan 66 yoshli M. Y.ga (bogʻcha rahbari) 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi va 20,6 mln soʻm miqdorida jarima, 38 yoshli Z. A.ga (tarbiyachi) esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan, tomonlar uning ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring