Jizzaxda interaktiv doskalarni qimmat narxda sotmoqchi boʻlgan Departament xodimi va maktab direktori ushlandi

15:31 16 Mart 2026 Jamiyat
194 0

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari prokuratura bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida yirik korrupsion holatni fosh etdi.

Aniqlanishicha, IJQKD Paxtakor tuman boʻlimi katta tezkor vakili oʻzining muqaddam sudlangan tanishi va maktab direktori bilan til biriktirib, texnika taʼminoti bilan shugʻullanuvchi MCHJ ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan. Ular MCHJ va Jizzax shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi oʻrtasida 20 dona interaktiv doska yetkazib berish boʻyicha shartnoma tuzilishini taʼminlab berishni vaʼda qilishgan.

Mansabdor shaxs oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, aslida 15,2 mln soʻm turadigan doskalarni MTBga 25 mln soʻmdan oʻtkazib bermoqchi boʻlgan. Ushbu “xizmati” evaziga tadbirkordan 85 mln soʻm talab qilgan.

Dastlab Departament xodimining sherigi (1989-y.t. fuqaro) 85 mln soʻmni olgan vaqtida ushlandi. Soʻngra tadbir davom ettirilib, Departament xodimi va maktab direktori oʻz yashash xonadoni oldida sherigidan 30 mln soʻmni qabul qilib olayotganda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Departament xodimi va maktab direktoriga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер