Jizzaxda 13 va 4 yoshli opa-singilni “Cobalt” urib ketdi
Foto: Videodan kadr
Jizzax viloyati Baxmal tumanida “Cobalt” katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 18-noyabr kuni soat 19:30 larda Baxmal tumani hududidan oʻtgan “Gʻallaorol — Baxmal — Supa-Zomin” 4R-41 yoʻlining 29 kilometrida sodir boʻlgan.
Oʻsha kuni 1991-yilda tugʻilgan A.O “Cobalt” avtomobilini Oʻsmat yoʻnalishi boʻyicha boshqarib kelayotib, yoʻlning belgilangan joyidan kesib oʻtayotgan voyaga yetmagan ikki piyoda: 2011-yilda tugʻilgan I.M. va uning singlisi, 2020-yilda tugʻilgan I.K.ni urib yuborgan.
Oqibatda opa-singil turli tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning oʻzida Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan gumonlanuvchi O.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi va 117-modda (xavf ostida qoldirish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonaga joylashtirilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring