Jizzax viloyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida ochiqlik darajasini oʻrganish natijalari muhokama qilindi
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi A.Eshmuratov, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi P.Shukurov, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari, deputatlar, viloyat hokimi oʻrinbosarlari, shuningdek, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, viloyat tashkilotlari, siyosiy partiyalar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Jizzax viloyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida ochiqlik darajasini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik nazorati institutlarini rivojlantirish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan farmon va qarorlari, davlat organlari faoliyatini “Ochiqlik indeksi” asosida baholash tizimining joriy etilgani, mahalliy Kengashlar sessiyalarini jonli efir orqali yoritish amaliyotining yoʻlga qoʻyilgani hamda davlat xaridlari jarayonlarining raqamlashtirilgani tizimli ishlarning amaliy ifodasidir.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga, bunda ayrim oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham mavjud.
Jumladan, Jizzax viloyati hokimligi 2022-yilda 70,3 ball (“sariq”) bilan respublikadagi oʻrtacha koʻrsatkichdan (62,3 ball, “sariq”) yuqori natija qayd etgan. 2023-yilda esa 66,3 ball (“sariq”) bilan respublika koʻrsatkichiga tenglashgan. Biroq 2024-yilga kelib, respublika koʻrsatkichi bilan birga 48,8 ballga tushib, “qizil” toifaga oʻtgan va ochiqlik darajasi keskin pasaygan.
Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatida koʻrsatilgan 15 ta toifadagi maʼlumotlardan faqat 6 turdagi maʼlumotlar Yangiobod va Zomin tuman hokimliklari tomonidan eʼlon qilingan.
Arnasoy, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Doʻstlik, Zarbdor, Zafarobod, Mirzachoʻl, Paxtakor va Forish tumanlari hamda Jizzax shahar hokimliklari tomonidan esa maʼlumotlarning birortasi eʼlon qilinmagan.
12 ta xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan oʻtkazilgan sessiyalarning birortasi jonli translyatsiya qilinmagan.
Tuman (shahar) hokimliklari tizimidagi hamda viloyatdagi boshqa davlat idoralarining 19 nafar xodimi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid ravishda tadbirkorlik subyektlarida taʼsischi yoki rahbarlik asosida faoliyat yuritib kelingan.
Xususan, Zomin tumanida 6 ta, Jizzax shahrida 4 ta, Sharof Rashidov, Yangiobod, Gʻallaorol va Doʻstlik tumanlarida 2 tadan, Arnasoy tumanida 1 ta boshqaruv xodimi taʼsischi yoki rahbar sifatida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelgan.
Buyurtmachi tashkilotlar tomonidan 2025-yilda jami 9 ta holatda 5 mlrd soʻmlik davlat xaridlarida qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Viloyatda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul rahbarlarning hisobot va axborotlari tinglandi.
Aniqlangan kamchiliklarni tizimli bartaraf etish, axborot ochiqligini taʼminlash, texnik va tashkiliy jarayonlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.
Majlis davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi yuzasidan oʻnga yaqin masala batafsil muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring