Jinoyatga jazo muqarrar

14:58 17 Mart 2022 Jamiyat
1489 0

Baʼzi bir tovlamachi kimsalar hamisha boshqalarning choʻntagidagi pullarni sanab yuradi. Fursat boʻldi, deguncha, ularga egalik qilish xayolida boʻladi. Baʼzan bu istak kuchliligi sababli oʻgʻirlik qilish holatlari kuzatiladi. 

Masalan, bunday kimsalar oldindan tuzilgan reja asosida oʻzgalarning mol-mulki yoki pullarini qoʻlga kiritish yoki tortib olishga harakat qiladi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 1976-yilda tugʻilgan, bir necha bor sudning qora kursisida oʻtirib, tavba qilmagan Rajab Jomurodov (ism-sharifi oʻzgartirilgan) tekin daromad topish ilinjida oʻzgalar mol-mulkini bosqinchilik yoʻli bilan qoʻlga kiritish uchun jinoyatga qoʻl urdi. 

U avval ham oʻgʻrilik sodir etib, oʻzgalarning mol-mulkini talon-toroj qilib, pullarini oʻz ehtiyoji uchun ishlatib kelgan.

Eng yomoni, bu kimsa har gal bozorlar oralab, kim mol sotib olish maqsadida bozorga kirganligini aniqlardi. Soʻngra u pul qayerdaligini aniqlaydi va “ov”ga kirishadi. 

Shu tariqa 2017-yil 29-mart kuni soat 05:00 larda, Chiroqchi tumanidagi “Koʻktosh barakasi” mol bozoriga oʻgʻirlik qilish maqsadida kelib, bozorning orqa tomonida turgan avtomashina yukxonasini metall jism bilan ochib, 10 million soʻmga yaqin pulni oʻgʻirlab ketadi. R. Jomurodov bunday oʻgʻirliklarni tumandagi yana koʻplab bozorlarda bir emas, bir necha marotaba amalga oshirib, bozorga mol olish maqsadida kelgan kishilarning “yostigʻini quritib” kelgan.

Albatta, oʻzgalar mulkini oʻgʻrilik, talonchilik yoʻli bilan talon-taroj qilish qonunlarimizda jinoyat hisoblanadi. Jinoyatni sodir qilgan kishiga esa jazo hamisha muqarrar. Tekin daromad, oʻzgalar mol-mulkiga koʻz olaytirish, oʻgʻirlik qilish hech qachon yaxshilik bilan tugagan emas. 

Yillar davomida oʻzgalarning halol pullarini oʻgʻirlik yoʻli bilan qoʻlga kiritib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yurgan R.Jomurodovning oʻgʻriliklari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan fosh etildi va u oʻz qilmishiga yarasha jazo oldi .

Lutfulla MAMARAJABOV,

Jinoyat ishlari boʻyicha Doʻstlik tuman sudi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер