Jinoyatchilikni jilovlash yoʻlida hali koʻp ishlashimiz kerak — polkovnik Mirjamol Miralimov
Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar chogʻida Gʻijduvon tumani Degrazon mahallasida yashovchi 55 yoshli fuqaro uyida bangixona tashkil etgani aniqlandi. Kogon shahridagi Amir Temur koʻchasida istiqomat qiluvchi ikki fuqaro esa marixuana giyohvandlik vositasini toʻrt million soʻmga pullamoqchi boʻlganida qoʻlga olindi.
— Viloyatda oʻtgan yil davomida bu kabi giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash yoʻnalishida 324 ta holat aniqlandi, — deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Sh. Jalolov. — Xodimlarimiz tomonidan jami 63 kilogramm 368 gramm miqdorida giyohvandlik vositalari olindi.
Giyohvand kimsa bu botqoqqa tushganida insoniylik qiyofasini yoʻqotadi. Oʻzini boshqara olmaydi. Aql-idrokdan mahrum boʻladi. Oqibatda jinoyatga qoʻl uradi. Shu boisdan ham aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida profilaktik tadbirlar oʻtkazish, oʻzimiz yashab turgan mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishga hissa qoʻshishimiz muhimdir.
— Viloyatdagi 544 ta mahalla fuqarolar yigʻinining 153 tasi yashil, 235 tasi sariq, 156 ta mahalla esa qizil toifaga ajratilgan, — deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Mirjamol Miralimov 2023-yil yakunlariga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida. — Ortda qolgan 12 oy yakuniga koʻra, 11 ta mahallada kriminogen vaziyat barqarorlashib, ular “sariq” toifaga oʻtkazildi. Lekin hali jinoyatchilikni jilovlash yoʻlida koʻp ish qilishimiz kerak.
Anjumanda 2023-yilda viloyat boʻyicha 5339 ta jinoyat qayd etilgani, ularning 64,8 foizi oldi olinishi mumkin boʻlgan jinoyatlardan iborat ekani ham shundan dalolat beradi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik kengashi aʼzolari, boshqarma masʼullari ishtirok etgan tadbirda har bir jinoyat turi borasidagi ahvol atroflicha tahlil qilindi. Viloyat hududida kriminogen vaziyat va jinoyatchilik ahvolini barqarorlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot berildi. Oʻz navbatida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring