“Jinoyatchilikka qarshi kurashda zaif, tashqi siyosatda dahshatli”. Tramp Rim papasini tanqid qildi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rim papasi Lev XIVni tanqid qilib, uni “jinoyatchilikka qarshi kurashda zaif” va “tashqi siyosatda dahshatli” deb atadi. Tegishli post Truth Social ijtimoiy tarmogʻida eʼlon qilindi.
“Men Rim papasi Eronning yadroviy qurolga ega boʻlishini normal holat deb hisoblashini xohlamayman. Men Rim papasi Amerikaning Venesuelaga — AQSHga juda koʻp miqdorda giyohvand moddalar yuborgan mamlakatga hujumini dahshatli deb bilishini istamayman. Va men Rim papasi AQSH Prezidentini saylangan maqsadim yoʻlida qilayotgan ishlarim uchun tanqid qilishini xohlamayman”, — deb yozdi respublikachi.
Trampning fikricha, Lev XIV “faqat amerikalik boʻlgani uchungina” Rim papasi boʻlgan va katolik cherkovi buni “Prezident Donald Tramp bilan aloqa oʻrnatishning eng yaxshi yoʻli” deb hisoblagan.
“Agar men Oq uyda boʻlmaganimda, Lev Vatikanda boʻlmas edi”, — deya qoʻshimcha qildi AQSH Prezidenti.
Amerika yetakchisining fikricha, Rim papasi “sogʻlom fikr yuritishi, radikal chaplarga yoqishga urinishni toʻxtatishi va siyosatchi emas, balki buyuk Papa boʻlishga eʼtibor qaratishi kerak”.
Lev XIV Trampning tanqididan soʻng undan qoʻrqmasligini bildirdi.
“Men Tramp maʼmuriyatidan qoʻrqmayman. U bilan bahsga kirishish niyatim yoʻq. Men Injil haqida gapiraman va urushga qarshi chiqishda davom etaman”, — dedi Rim papasi.
Qayd etish joizki, Lev XIV soʻnggi haftalarda Isroil va AQSHning Eronga nisbatan tajovuzi tufayli Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashayotganidan xavotir bildirib kelayotgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring