Jazoni ijro etish muassasasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi
Mahbus: — Yoshim oʻn toʻqqizda. Toʻrt oydan soʻng jazo muddatim tugaydi. Yaqinda “Ikkinchi imkon” loyihasi haqida eshitdim. Jazoni oʻtab chiqqach, ushbu loyihada ishtirok etishim mumkinmi?
Ombudsman: — “Ikkinchi imkon” — jazo muddatini oʻtab boʻlgan yoshlarni 8-12 oylik intensiv kurslarda oʻqitib, daromadli ishga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgan loyiha hisoblanadi. Mazkur tizim shu yilning 1-iyun sanasidan Navoiy, Toshkent hamda Qashqadaryo viloyatlarida, kelasi yildan esa barcha hududlarda joriy qilinadi. Demak, siz, jazoni oʻtab boʻlgach ushbu loyihada ishtirok etib, kasb-hunar yoki til oʻrganishingiz mumkin.

Qarshi shahridagi 3-son jazoni ijro etish muassasasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili L. Saodatova hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi raisi I.Abduholiqov ishtirokida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bu kabi savol-javoblarga boy boʻldi.
Shuningdek, tadbirda mamlakatimizda yoshlar siyosati mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligi va intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan strategik dasturiy yoʻnalishlar haqida keng tushunchalar berildi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring