Jajjilar yayragan, ota-onalar quvongan kun
Qarshi shahrining Xoʻjaxiyol mahallasida joylashgan 23-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining eski binosi 1956-yilda qurilgan boʻlib, soʻnggi yillarda mutlaqo yaroqsiz holga kelib qolgan va oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi.
2023-yilda tegishli investitsiya dasturi asosida eski bino buzib tashlanib, uning oʻrnida uch qavatli zamonaviy bogʻcha binosi barpo etildi.

— Bunyodkorlik ishlari korxonamiz quruvchilari tomonidan amalga oshirildi, — deydi “Meliotaʼmirqurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsud Jabborov. — Qurilish-pudrat ishlarining umumiy loyiha qiymati 4 milliard 636 million soʻmdan oshiqni tashkil etdi. Bu mablagʻ hisobidan bino qurilib, bolajonlarning sifatli taʼlim va tarbiya olishlari, bogʻcha xodimlarining esa samarali faoliyat olib borishi uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Yangi DMTT binosining foydalanishga topshirilishi haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Marosimda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishtirok etdi.

Shu kuni Qarshi shahrining Shodlik mahallasi hududida 360 oʻrinli yana bir Davlat maktabgacha taʼlim tashkilot binosi foydalanishga topshirildi.
Eʼtiborli tomoni, ushbu bogʻcha binosi ham 1974-yilda qurilgan boʻlib, taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Olib borilgan kapital rekonstruksiya ishlari davomida bino mutlaqo yangi qiyofa kasb etib, barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring