Jarimani vaqtida toʻlamagani uchun jazo ogʻirlashtirildi

18:06 29 Yanvar 2024 Jamiyat
351 0

Maʼlumki, jinoyat kodeksining tegishli moddasiga koʻra, agar hukm qilingan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani belgilangan muddatlarda toʻlashdan boʻyin tovlasa sud jarimaning toʻlanmagan miqdorini majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirilishi belgilangan. Majburiy ijro byurosi Chortoq tuman boʻlimi ish yurituvida sudlar tomonidan qoʻllanilgan jarimalarni toʻlash bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida bir qator shaxslarga tegishli chora-tadbirlar koʻrildi.

Fuqaro Q. Y. ga jinoyat ishlari boʻyicha Chortoq tuman cudining hukmiga asosan davlat foydasiga 17 million 840000 soʻm jinoiy jarima qoʻllanilgan edi. Mazkur hujjat Byuroning Chortoq tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgandan soʻng qarzdorga uni belgilangan muddatlarda toʻlanishi yuzasidan ogohlantirish beriladi. Biroq, uch oy davomida bu ishdan boʻyin tovlab kelgan. Shundan soʻng davlat ijrochisi tomonidan jarima tariqasidagi jinoiy jazoni boshqa turi bilan almashtirish toʻgʻrisida sudga taqdimnoma kiritildi. Sud hukmiga koʻra Q. Y. endi ozodlikni cheklash jazosini oʻtaydigan boʻldi.

Yana bir fuqaro A. T. ga ham jinoyat ishlari boʻyicha Xoʻjaobod tuman cudining hukmiga asosan davlat foydasiga 14 million 977500 soʻm jinoiy jarimani undirish belgilangan. U ham majburiyatni bajarmay keldi va jarimani toʻlashdan boʻyin tovlagani uchun sud hukmi bilan ozodlikni cheklash jazosini oldi.

— Bu singari shaxslar jarima toʻlovini paysalga solish bilan javobgarlikdan qutula olmaydilar, balki, oʻz ahvollarini murakkablashtiradilar, — deydi MIBning Namangan viloyat boshqarmasi inspektori Oybek Inoyatov. — Masalan, oʻtgan yili yakuni bilan shunday xatti-harakatni sodir etgan 104 nafar shaxsning ishi sudga oshirilib, jinoiy jazoning ogʻirroq turiga hukm qilindi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер