Jarimalarni toʻlashda fuqarolarga yengilliklar berilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida dastlab “Oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi metrologiya xizmatlarini koʻrsatish sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish hamda bu boradagi davlat tashkilotlarining eksklyuziv huquqlarini bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini koʻrib chiqish chogʻida uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi. Qizgʻin kechgan baxs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan maʼqullandi.
Yigʻilishda kun tartibidagi navbatdagi masala — “Maʼmuriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida” qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, amaliyotda Majburiy ijro byurosi tomonidan qoʻllaniladigan maʼmuriy jarima miqdori undirilishi lozim boʻlgan summaga nisbatan nomutanosib ravishda bir necha karra yuqori belgilash holatlari kuzatilmoqda. Masalan, undirilishi lozim boʻlgan qarzdorlik 150 ming soʻm boʻlsa-da, oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasi bilan 300 ming soʻmdan 1,5 mln soʻmgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Mazkur qonun loyihasi bilan Majburiy ijro byurosi tomonidan qoʻllaniladigan maʼmuriy jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori boʻlishi mumkin emasligi, Majburiy ijro byurosi nomidan maʼmuriy jazo qoʻllashga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxslar doirasi aniq belgilanmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga, jarimalarni toʻlashda fuqarolarga yengilliklar berilishiga, Majburiy ijro byurosi tizimida nazorat kuchaytirilishiga va suiisteʼmolchiliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari bu yangiliklarni xalqimiz anchadan buyon kutayotganini inobatga olib, qonun loyihasini qoʻllab-quvvatladilar.
Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring