Janubiy Koreya sobiq prezidenti umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
Foto: “Yonhap”
Seul markaziy tuman sudi Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yolni 2024-yil dekabrida harbiy holat joriy etish orqali isyonga rahbarlik qilganlikda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Hukm 2024-yil 3-dekabrda kutilmagan tarzda harbiy holat eʼlon qilinganidan 14 oy oʻtib chiqarildi. Maxsus prokurorlar unga nisbatan oʻlim jazosini soʻragan edi, biroq sud yengilroq jazo qoʻlladi.
Yun Sok Yol oʻshanda harbiy holat joriy etish qarorini “davlatga qarshi kuchlarni bartaraf etish” zarurati bilan izohlagan, ammo Milliy assambleya ovoz berish orqali uni olti soatdan keyin bekor qilgan. Sud raisi Ji Kvi Yonning taʼkidlashicha, Yun Milliy assambleya faoliyatini harbiy kuch yuborish orqali toʻsib qoʻyish va asosiy siyosatchilarni hibsga olish orqali uning ishini izdan chiqarishni koʻzlagan. Sud, shuningdek, u harbiylarni jalb etish orqali tartibsizlik keltirib chiqarganini qayd etgan.
Sud harbiy holat eʼlonining oʻzi isyon hisoblanmasligini, ammo Yun Sok Yol bilan bogʻliq holatda u konstitutsiyaviy organ faoliyatini izdan chiqarishni maqsad qilgani sababli shunday malakalanganini bildirgan. Sudyaning soʻzlariga koʻra, sobiq prezident jinoyatni shaxsan rejalashtirgan va koʻplab shaxslarni bunga jalb qilgan, favqulodda harbiy holat esa jamiyatga ulkan ijtimoiy zarar yetkazgan.
Shu bilan birga, sud reja puxta ishlab chiqilmagani, jismoniy kuch ishlatish cheklangani, Yunning muqaddam sudlanmagani, oʻnlab yillar davlat xizmatida ishlagani va 65 yoshda ekanini inobatga olgan. U bilan birga yana yetti nafar ayblanuvchiga ham hukm oʻqilgan. Xususan, Sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon 30-yilga, sobiq Milliy politsiya agentligi rahbari Cho Ji Xo 12-yilga, Seul politsiyasi sobiq rahbari Kim Bon Sik 10-yilga qamalgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring