Jamshid Xodjayev Turkiya Respublikasi Davlat uy-joy boshqarmasi rahbari Omer Bulut bilan uchrashdi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 14-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Investitsiyalar va tashqi ishlar vazirligida Turkiya Respublikasi Davlat uy-joy boshqarmasi (TOKI) rahbari Omer Bulut bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston tomoni Turkiya aholisi uchun arzon ijtimoiy uy-joylar qurish boʻyicha TOKI faoliyatini yuqori baholadi hamda ilgʻor turk texnologiyalari va tajribasidan foydalangan holda uy-joy qurilishi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi.
Oʻz navbatida Omer Bulut Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni alohida taʼkidlab, qoʻshma istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish, texnik va maslahat yordami koʻrsatish, shu jumladan, keyingi 5 yil uchun “Ijtimoiy uylar yaratish strategiyasi”ni ishlab chiqishga koʻmaklashish doirasida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot yakunlari boʻyicha tomonlar arzon ijtimoiy uy-joylar qurish boʻyicha Turkiya tajribasidan foydalangan holda kelgusi hamkorlikning tashkiliy jihatlarini ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishdilar.
Maʼlumot uchun: Turkiya davlat uy-joy boshqarmasi 1984-yilda tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi kam va oʻrta daromadli fuqarolarning uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashdan iborat. Soʻnggi 20 yil davomida Turkiya Respublikasida boshqarma tomonidan 1,1 million turar-joy binosi, 1395 maktab, 20 universitet, 997 sport majmuasi, 44 kutubxona qurildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring