Jamoatchilik nazorati: Oʻzaro hamkorlik kafolatlanmoqda
Jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyati rivojida dolzarb ahamiyatga ega boʻlib, bugungi kunda uning huquqiy asoslari yaratilgan. Binobarin, Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi, bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yoʻli bilan amalga oshirilishi belgilangan. “Oʻzbekiston Respublikasi jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun esa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamiyat, fuqarolik institutlari nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratishda dasturilamal boʻlmoqda.
Shu oʻrinda qayd etish joiz, Oliy Majlis palatalari hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga davlat hokimiyati organlarining hisobdorligining yoʻlga qoʻyilishi, “Elektron hukumat”ning joriy etilishi, “Mening fkrim” veb-portali faoliyatining tatbiq etilishi jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Oʻz navbatida, davlat boshqaruvi organlarining xalq vakillari oldidagi hisobdorligi qilinayotgan ishlarning ochiq-oshkoraligi, eng muhimi, ularning masʼuliyatli boʻlishini taʼminlayapti.
“Elektron hukumat” joriy etilgach, bir qator oʻzgarishlar boʻldi. Chunonchi, davlat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligi ancha ortdi, davlat organlari xizmatlaridan foydalanish kengaydi va osonlashdi, ularni alohida fuqarolarga taqdim etish imkoniyati vujudga keldi, fuqarolarni siyosiy jarayonlarga va davlat boshqaruviga jalb etish imkoniyati yuzaga keldi, axborotlardan foydalanish va ularni almashish tezlashdi, asosiysi, qulayliklar yaratildi.
“Mening fikrim” veb portali orqali esa Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat berish imkoniyati taqdim etildi. Hozirda har bir fuqaro oʻzining konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, mamlakat qonunchilik tizimini rivojlantirish borasida oʻz fikrlarini bildirishmoqda.
Fuqarolik jamiyati shakllanishida fuqarolik jamiyati barcha institutlarining oʻzaro hamkorlikda ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, jamoatchilik nazoratining maqsadi — davlat hokimiyati organlarining aholi oldidagi barcha majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini nazorat qilishdan iborat. Davlat boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi esa jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimiz rahbarining 2020-yil 16-apreldagi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi tashkil etilgani jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, palata oldida davlat va jamiyat institutlari oʻrtasida samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, davlat organlari ishi ustidan nazoratni kuchaytirish, “xalq diplomatiyasini” rivojlantirish masalasi dolzarb etib belgilandi.
Tan olish kerak, bugun jamoatchilik fikrini oʻrganish, uni muntazam boyitib borish, mavjud muammolarni tizimli ravishda tahlil qilish, yechimini topish uchun OAV va xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibida yangi shakl va mazmunda tashkil etilgan axborot xizmatlarining beqiyos hissasi bor. Shu sabab, bu boʻgʻinni davlat va jamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning eng muhim yoʻnalishi, deyish mumkin.
Soʻnggi ikki yil davomida OAVga alohida eʼtibor qaratilishi, soʻz erkinligining taʼminlanishi davlat va jamiyat oʻrtasidagi koʻprikning mustahkamlanishiga va uzluksiz aloqalarning kafolatlanishiga olib keldi. Garchi, koʻp hollarda ayrim kelishmovchiliklarni keltirib chiqarayotgan boʻlsa-da bu faollikni ijtimoiy tarmoqlar va blogerlik faoliyatiga nisbatan ham aytish mumkin. Eng asosiysi, jamiyatning faolligi va siyosiy jarayonlarga qiziqishi va aralashuvi ortdi. Koʻzlangan maqsad ham shu edi aslida. Jamoatchilik nazorati kuchaydi, ular har bir jarayonlarga oʻz munosabatlarini bildira boshladi, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlik yaratildi.
Umida RAHMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring