Jamoatchilik nazorati davlat tasarrufidagi tashkilotdan ustun keldi.

15:59 04 Fevral 2020 Jamiyat
1110 0

Jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholining muayyan qatlamini tashvishga solayotgan muammolarni hal etish uchun jamoatchilik nazorati muhim sanaladi. Xabaringiz bor, 2018-yil 13-aprel kuni “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi va albatta, nodavlat-notijorat tashkilotlarning zimmasiga ham ulkan masʼuliyat yuklandi. Sababi, jamoat tuzilmalari jamiyat hayotidagi muammolarning yechimini topishga bor kuch-gʻayrati bilan harakat qilishlarini taqozo etadi.

Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtishimiz kerakki, Oʻzbekiston isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ham nodavlat-notijorat tashkilot sifatida oʻz faoliyatini yuritib, jamoatchilik nazorati orqali fuqarolar mushkulini oson qilib kelmoqda. 2019-yil sarhisobi boʻyicha 10261 ta ariza kelib tushgan boʻlsa, uning 9736 tasi, yaʼni 94,9 foizi ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 10 174 967 565 (oʻn milliard bir yuz yetmish toʻrt million toʻqqiz yuz oltmish yetti ming besh yuz oltmish besh) soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.

Eslatib oʻtamiz, bu nodavlat-notijorat tashkilot koʻrsatkichi. Endi esa xuddi shu funksiyada faoliyat yuritayotgan davlat tashkiloti koʻrsatkichlariga eʼtiboringizni qarating. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzurida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ham oʻz faoliyatini yuritib kelmoqda. Agentlikka oʻtgan 135 kun davomida turli shikoyatlar bilan 1300 dan ortiq isteʼmolchi murojaat qilgan va 312 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilgan. 
Oʻzbekiston isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga esa 135 kun davomida 5000dan ziyod murojaat kelib tushdi va 5 mlrd. 200 mln. soʻm isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob- kitob qilib berildi. Bu sezilarli farq, albatta, sizni hayratga solishi mumkin. Sababi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilot koʻrsatkichi, oʻz-oʻzini taʼminlaydigan, yaʼni davlat byudjetidan bir soʻm ham foydalanmaydigan Federsiyanikidan ancha past. Bu esa, jamoatchilik nazoratining nechogʻli ustun va aholi bilan yaqin ekanligidan dalolat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер