Jamiyat ogʻriqlari uchun aniq “tashxis” kerak
Foto: “Xalq soʻzi”
Daraxtdan bemavrid uzilib, xazon boʻlgan yaproq tabiat uchun qanchalik qaygʻuli boʻlsa, bilib yoki bilmay jinoyat koʻchasiga kirgan insonning taqdiri jamiyat uchun shunchalik ogʻriqlidir...
Agar biror-bir kasallik oʻz vaqtida davolanmasa, u har qanday sogʻlom organizmni nobud qiladi. Jinoyatchi masalasida ham shunday iborani ishlatish mumkin: eʼtiborsizlik va loqaydlik sabab u keng quloch otadi, bu qilmishlarining kasofati esa nafaqat oʻzi yoki oilasi, butun boshli jamiyatning tinch hayotiga raxna soladi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 28-iyul kuni Fargʻona shahrida Prezidentimiz raisligida hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilishda bugungi kunning eng ogʻriqli masalalari ochiq-oshkora tahlil etildi, masʼuliyatsizlik qilgan rahbarlarga keskin choralar koʻrildi hamda bu boradagi muammolarni isloh qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Ayni paytda Fargʻona viloyati hokimligi, IIB, prokuratura va boshqa tegishli masʼul idoralar hamkorligida jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida keng koʻlamli saʼy–harakatlar olib borilmoqda.
— Oila va xotin-qizlar tizimida topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida 20 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi,—deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari —oila va xotin–qizlar boshqarmasi boshligʻi Komila Kavlonova. — Unga muvofiq, dastlab viloyatdagi 1 ming 62 ta mahallada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Fargʻona viloyati filialida oʻquv seminarlari tashkil etildi.
Soʻx, Furqat, Qoʻshtepa hamda Yozyovon tumanlaridagi 28 ta MFYda ijtimoiy himoyaga muhtoj 500 nafar ayollarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb etish ishlariga kirishildi. Tadbirkorlik qilish va faoliyatini kengaytirish istagidagi 261 nafar hunarmand xotin-qizlar roʻyxati shakllantirildi.
Oilaviy ajrimlarning oldini olish hamda oila qurish arafasidagi yigit-qizlarning oilaviy hayotga tayyorlash boʻyicha 16 soatdan iborat oʻquv kurslari qayta koʻrib chiqildi va takomillashtirildi. Tuman, shahar oila va xotin-qizlar boʻlimlari qoshida “Oila maslahatxona”lari tashkil etilib, masʼullar biriktirildi.
Jinoyatchilik koʻrsatkichi ogʻir boʻlgan Qoʻqon shahrida “Ayol va jamiyat” loyihasi tashkil etilib, 73 ta MFYda oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, psixologlardan iborat maʼrifat targʻibot guruhlari shakllantirildi.
Ichki ishlar, sogʻliqni saqlash organlari va mahalla tomonidan nazoratga olingan oilalar va xotin-qizlarni ijtimoiy, iqtisodiy va maishiy muammolarini “xonadonbay” oʻrganish maqsadida viloyat ishchi guruhi tuzildi. Ayollar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha 2,8 ming nafar ishsiz xotin-qizlarning aniq roʻyxati tuzildi. Hozirda 7,2 ming nafar xotin-qizlar oʻqish va ishlash maqsadida chet elga chiqib ketganligi aniqlandi va ular bilan manzilli ishlash yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda Fargʻonada 14-30 yoshlilar 1 million nafardan ziyod boʻlib, ular uch toifaga ajratib chiqildi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har bir yoshga aniq “tashxis” qoʻyildi.
Shu tariqa viloyatda tarbiyasi ogʻir va alohida ishlashga muhtoj qariyb 31 ming nafar yigit-qizlarning roʻyxati shakllantirildi. Shuningdek, probatsiya roʻyxatida turuvchi 1 ming 932 nafar, profilaktika hisobidagi 1 ming 722 nafar navqiron avlod vakillari bilan yangicha usulda ishlashga kirishildi.
Maʼlumki, oʻsha uchrashuvda davlatimiz rahbari Qoʻqon shahri jinoyatchilik holati boʻyicha nafaqat viloyat, balki mamlakat miqyosida salbiy koʻrsatkichga ega ekanligini taʼkidlagan edi.
Oʻtgan qisqa davrda Qoʻqon shahrida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida jinoyatlar soni kamayishiga erishildi. Bu haqda kuni kecha shaharda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general – mayor Azizbek Ikramov maʼlum qildi.
Yuzma – yuz muloqotda hali jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar koʻp ekanligi taʼkidlanib, tegishli idoralar rahbarlari ishtirokida fuqarolar xavfsizligi, jamoat tartibini taʼminlash, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan tizimli ishlash boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini izchil ravishda taʼminlab borishga kelishib olindi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring