“Jambul“ qachon suvga yolchiydi?

19:54 28 Oktyabr 2018 Jamiyat
2080 0
Illyustrativ foto

Tahririyatimizga Toshkent viloyati, Qibray tumani “Jambul“ mahallasining bir guruh fuqarolari nomidan ariza kelib tushdi. Unda mahalliy aholi ichimlik suvi tanqisligi muammosidan aziyat chekayotgani qogʻozga tushirilgan. Murojaatni oʻqir ekanmiz, bunday muammo mamlakatimizning suv tanqis boʻlgan boshqa hududlarida emas, aynan nisbatan suv serob boʻlgan poytaxtga yaqin hududda ekanligi taajjubimizga sabab boʻldi. Umid qilamiz, mutasaddilar bu muammoga ijobiy yechim topishadi.

Murojaat qanday boʻlsa shundayligicha eʼtiboringizga havola etamiz.

“Suvga qachon yolchiymiz?
Oʻtgan juma kuni Qibray shaharchasida yarim kundan ortiq ichimlik suv taʼminotida uzilish roʻy berdi. Bu anchagina noqulayliklarni keltirib chiqardi. Oʻnlab odamlar yuqori idoralarga arzi dod qilishdi. Har tugul muammo shu kunning oʻzidayoq hal boʻldi. Biroq bizning arzimizga yigirma besh yildan beri hech kim quloq solmayapti, desak, ishonasizmi? Ayniqsa, keyingi ikki-uch yil orasida suvga umuman yolchimay qoldik. Tuman “Suvoqava” korxonasi rahbarlariga bu haqda gapiraverib, charchadik.

Ikki yil burun portalga murojaat qilganimizdan soʻng bir kunda bir soat suv berib kelishayotgan edi. Ammo joʻmrakdan oqayotgan suvni koʻrib, rosti ijirgʻanasiz. Rangi ariqdagi suvdan ham loyqa. Aholi krandagi suvni ichgandan koʻra ariqdagi suvni ichgan maʼqul, deb hali-hanuz oqar suvdan foydalanib kelmoqda.

Mana, kuz ham yakunlanib bormoqda. Biz uchun yagona obihayot manbai boʻlgan ariqlardagi suvlar ham qurib qoldi. Endi chelak koʻtarib qayoqqa borishni bilmaymiz. Krandagi oʻsha loyqa suv ham bir kun oqsa, 10 kun quruq hushtak chalib turadi. Ilojsizlikdan, odamlar zax suvlari toʻplanadigan zovurdan suv olib, ichishga majbur boʻlishmoqda. Tuman SES xodimlariga bu haqda arz qilsak, yilda bir marta kelib, hammasi joyida ekan, mana bu daftarga qoʻl qoʻyib beringlar, deb ketishadi, xolos.

Hayronmiz, bu holat qachongacha davom etar ekan? Qilgan shikoyatlarimiz ham, matbuotdagi chiqishlarimiz ham foydasiz boʻlmoqda. XXI asrda Toshkent viloyati Qibray tumani “Jambul” mahallasida ichimlik suvi yoʻq desangiz hech kim ishonmasligi mumkin. Ammo, haqiqatda ahvol shunday.

“Jambul” mahallasi aholi nomidan
Zamira ZIYABЕKOVA,
Maxambet JUMABAYEV,
Madina KASIMOVA,
Manapay DAVLATYAROVA“.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер