Jahon chempionati bahslari qizgʻin kurashlar ostida oʻtmoqda
Foto: "Xalq soʻzi"
Bugun Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan shaxmatning rapid va blis yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionatining ikkinchi kuni bahslari oʻtkaziladi.
Umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million AQSH dollarini tashkil qiluvchi musobaqaning ikkinchi kuni erkaklar oʻrtasida 4 ta tur uchrashuvlari oʻtkaziladi. Amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen kechagi kun natijalariga koʻra 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamgʻarib, turnir jadvalida qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra peshqadamlik qilmoqda.

Hindistonlik Arjun Ergaisi, Vidit Santosh, xitoylik Yu Yang Yi va bolgariyalik Ivan Cheparinov hisobida ham 4,5 tadan ochko bor. Bugun 6-turda Magnus Karlsen birinchi doskada qora donalarda Viditga qarshi bahs olib boradi. Ikkinchi doskada Arjun va Yu Yang Yi bellashadi.

Hamyurtlarimiz orasidan hozircha eng yaxshi natijaga Nodirbek Yakubboyev ega boʻlib turibdi. U 3,5 ochko bilan qoʻshimcha koeffitsentlarga koʻra 31-pogʻonadan joy olgan. Bugun Yakubboyev 6-turni oq donalarda hindistonlik Nihal Saringa qarshi oʻtkazadi. Besh imkoniyatdan 3 ochko toʻplagan Nodirbek Abdusattorov 6-turda qora donalarda belgiyalik Daniel Darda bilan bellashadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring