Zelenskiy Yevropa Ittifoqi rahbarlarini Yevropaga nisbatan ishonchga “xiyonat qilmaslikka” chaqirdi
Zelenskiy bu haqda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlishi va unga 50 milliard yevro ajratish masalasi koʻrib chiqilayotgan sammitda videokonferensiya orqali qilgan nutqida aytdi.
“Bu kun tarixda qoladi. Biz uchun yaxshi yoki yomon boʻladimi, tarixda hammasi qayd etiladi. Har bir soʻz, har bir qadam, har bir harakat va harakatsizlik. Kim nima uchun kurashgani. Yevropa qatʼiyatsizlikka tushib qolmasligi juda muhim. Bugun hech kim Yevropani ishonchsiz yoki oʻzi tayyorlagan qarorlarni qabul qilishga qodir emas deb hisoblanishini istamaydi”, — deya Zelenskiyning soʻzlaridan iqtibos keltiradi The Guardian.
Uning fikricha, Ukraina Yevroittifoqqa aʼzo boʻlish uchun zarur shartlarni bajargan.
“Biz vaʼda qilingan yechim haqida gapiryapmiz. Men hech qanday qarshi dalillarni eshitmadim, nega biz butun Yevropa kelishib olgan rejani amalga oshirmaymiz? Oʻtgan yili Ukraina qanday qilib oldinga harakat qilish boʻyicha aniq tavsiyalar oldi. Asosiy qonunlar qabul qilindi. Hammangiz biz barcha majburiyatlarni bajarganimizni yaxshi bilasiz”, — deya taʼkidladi Ukraina Prezidenti.
U Yevropani oʻz vaʼdalarini bajarishga chaqirdi.
“Bugun sizdan bir narsani soʻrayman, xalqqa va ularning Yevropaga ishonchiga xiyonat qilmang. Agar Yevropaga hech kim ishonmasa, Ittifoqning omon qolishiga nima yordam beradi? Agar Moskva Bryusseldan Ukrainaga nisbatan salbiy munosabatga ishora olsa, bundan Yevropadagilar hech qanday foyda koʻrmaydi. Ukraina bilan bogʻliq vaziyatdan Putin, ehtimol, shaxsan sizga va butun Yevropaga qarshi foydalanadi. Unga ushbu yildagi birinchi va yagona gʻalabasini qozonishiga imkon bermang. Yevropa gʻalaba qozonishi kerak, kelishuvlar hurmat qilinishi kerak, va soʻzlar ahamiyatli boʻlishi kerak”, — deya qoʻshimcha qildi Zelenskiy.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring