Zarbdor obod mahallaga aylandi

16:11 27 Dekabr 2023 Jamiyat
852 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Toʻraqoʻrgʻon tumani markazidan oʻn besh chaqirim olisda joylashgan “Zarbdor” mahallasi ahli uchun yakunlanayotgan yil quvonchli keldi. Bu yerda “Obod mahalla”, “Obod koʻcha” va “Obod xonadon” mezonlari asosida amalga oshirilgan katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari natijasida hudud butunlay oʻzgacha qiyofa kasb etdi.

Birinchi navbatda 6,5 kilometr yangi tarmoq tortilishi bilan mingdan ortiq xonadonning toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji qondirildi. Uchta yuqori quvvatli transformator qurilmasi oʻrnatilishi energiya taʼminoti uzluksizligiga kafolat yaratgan boʻlsa, 1,5 kilometr yoʻlning asfaltdan chiqarilishi koʻchalarni ravon holatga keltirdi. Mahalla fuqarolar yigʻini esa yangi tiklangan zamonaviy binoga koʻchib oʻtdi.

— Bu ishlarga hammasi boʻlib 2,8 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi, — deydi mehnat faxriysi Ikromjon Abdusalomov. — Bu ozmuncha mablagʻ emas va qoʻrgʻonimizni chiroyini butunlay ochib yubordi, mahalladoshlarimiz turmushiga mazmun kirdi.

Zarbdordagi oʻzgarishlarga hamohang aholining faolligi ham oshgan. Aksariyat xonadonlar oʻz hovlilarini oʻzgarishlarga moslab qayta qurishdi, hashar asosida koʻcha boʻylari, xiyobonlar havas qilarli holatga keltirildi. Tadbirkor Nazokat Adhamova fuqarolar yigʻini sobiq binosini tasarrufiga olib, tikuvchilik sexiga aylantirdi va 20 nafar mahalladoshini doimiy ish bilan taʼminladi.

Namangan viloyatida joriy yil boshidan buyon 5 ta mahalla yuqoridagi mezonlar asosida obod va koʻrkam holatga keltirilib, ularda 20 milliard soʻmlikdan ortiq bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер