Zarafshonda arxiv idorasining 40 yillik muammosi barham topdi
Foto: Xalq so‘zi
Mamlakatimiz xaritasida Zarafshon shahri paydo boʻlganidan besh yil oʻtib, shahar davlat arxiviga asos solingan edi. Qirq yil ushbu idora ijarada turib faoliyat koʻrsatdi. Tabiiyki, moslashtirilgan binoda hujjatlarni saqlashning oʻzi boʻlmaydi.
Prezidentimizning 2019-yil 20-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi «Oʻzarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarori bilan mamlakatimizda arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali ish olib borishini taʼminlash, arxiv xizmatlarini koʻrsatishda nodavlat sektorni yanada rivojlantirish kabi muhim vazifalar bilan bir qatorda davlat arxivlarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, yangi binolar qurishning 2020 – 2025-yillarga moʻljallangan dasturi tasdiqlandi.

Shu asosda respublikamizda birinchilardan boʻlib “ZARAFSHON GRAND SERVIS” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 2,7 milliard soʻm boʻlgan davlat-xususiy sherikchilik asosida Zarafshon shahar davlat arxivi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Binoning ochilish tantanasida arxivlarning jamiyat hayotidagi oʻrni, yurtimizda arxiv ishi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz bordi.
— Mazkur tashkilot Zarafshon shahar va Uchquduq tumanida arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi, — deydi Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshligʻi Sayyora Bekova. — Shu kunga qadar ushbu davlat arxivi Xalq demokratik partiyasining balansida boʻlgan binoda joylashib, toʻrt nafar xodim yiliga ming-minglab jismoniy va yuridik shaxslarning soʻrovi ijrosini taʼminlardi. Ishga tushirilgan zamonaviy binoda idoraning arxiv saqlovidagi 175 ta fonddagi 20 mingga yaqin saqlov birlikdagi hujjatlarni koʻz qorachigʻidek asrash imkoniyatlari yaratildi. Ilgari esa arxiv oʻz binosiga ega boʻlmagani sababli 90 ming saqlov birlikdagi hujjatlar tashkilotlarning idoraviy arxivlarida saqlov muddatidan oʻtgan holda saqlanib kelinardi.
Foydalanishga topshirilgan yangi davlat arxivi binosi yuz ming saqlov birlikdagi hujjatlarni saqlash sigʻimiga ega boʻlib, har bir xodim uchun alohida xona, majlislar zali, kutubxona, tadqiqotchilar uchun ishlash zali, hujjatlarga ilmiy-texnikaviy ishlov berish xonasi, fuqarolarni qabul qilish va maʼlumotlarni berish xonalari ham mavjud. Kelajakda bu yerda hujjatlar saqlov xonalariga zamonaviy mobil javonlar oʻrnatish, boshqa qator qulayliklar yaratish koʻzda tutilgan.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring