Zamonaviy tikuv mashinalarini bemalol boshqaryapman — Nodira Saidmoʻminova
Foto: "Xalq soʻzi"
Kasbi tumanida yashovchi Nodira Saidmoʻminova bundan bir necha oy avval ishsiz, daromadsiz edi. Bugun esa katta jamoa mehnat qilib, peshona teri bilan oilasi byudjetiga munosib hissa qoʻshmoqda.
— Yoshligimda institutda oʻqish imkoniyati boʻlmagan, — deydi Nodira. — Shu bois oʻzimga munosib ish topishda qiyinchiliklarga uchradim. Turmushga chiqqach, bir muddat uy-roʻzgʻor ishlari bilan andarmon boʻldim, lekin baribir ayol kishining roʻzgʻorga qoʻshimcha daromad olib kelgisi, oʻz imkoniyatlarini yuzaga chiqargisi keladi. Buning uchun esa biror-bir doimiy faoliyat bilan shugʻullanishi lozim.
Shu jihatdan olganda joriy yilda tuman markazida “Naxshab Tex Group” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy tikuvchilik korxonasining ishga tushirilishi Nodira Saidmoʻminova uchun ham ayni muddao boʻldi.

— Tumanimizda yangi tikuvchilik korxonasi ochilgani, chevar xotin-qizlarni ishga qabul qilayotganini eshitib, darhol mahallaga murojaat qildim va ularning tavsiyasi asosida ishga qabul qilindim. — deydi u. —Yoshligimdan tikuvchilikka qiziqishim borligi qoʻl keldi. Zamonaviy tikuv mashinalarini bemalol boshqarayapman.
Ha, bugun Nodira Saidmoʻminova va chevar hamkasblari zamonaviy korxonada mehnat qilishmoqda. Ular tikkan turli kiyim-kechaklar esa dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega.
Taʼkidlab oʻtish joiz, “Naxshab Tex Group” korxonasi joriy yilda nafaqat Kasbi tumani, balki viloyat toʻqimachilik sanoatida amalga oshirilgan yirik loyihalardan sanaladi.

Umumiy qiymati 22,3 milliard soʻmni tashkil etgan ushbu korxonada eng zamonaviy texnologiyalar asosida yiliga qariyb 5,5 million dona erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari tayyorlash imkoniyati mavjud. Buning samarasi oʻlaroq hududdagi 500 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlangan.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring